Lison ut-tayr (arab. – „Qush tili“) – Alisher Navoiyning dostoni, oʻzbek mumtoz adabiyoti va oʻzbek adabiy tilining muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Asar 1498 – 99-yillarda fors shoiri Farididdin Attorning „Mantiq ut-tayr“ asari taʼsirida yozilgan. Navoiy asar syujeti va bosh gʻoya xususida Attorga izdoshlik qilgan. „Lison ut-tayr“ – falsafiy doston boʻlib, shoir unda majoziy obrazlar, qahramonlarning sarguzashtlari orqali tasavvuriy gʻoyalarini ifodalagan. Navoiy asarda Xudo tashqarida emas, sening oʻzingda, degan fikrni olgʻa suradi. Shu yoʻsinda insonni ulugʻlaydi, uning kamolotga erishish yoʻlini yuksak sheʼriy mahorat bilan bayon etadi. Asarning barcha gʻoyasi odamning tarbiyasini koʻrsatishga qaratilgan.

„Lison ut-tayr“ dostoni 3598 baytdan (176 kichik bobdan) iborat boʻlib, aruz vaznining ramali musaddasi maqsur (foilotun – foilotun – foilon) vaznida yozilgan. Asardagi boblar alohida epizodlardan, savol-javoblardan, kichik hajmli hikoya va masallardan tashkil topgan. Asardagi hikoyalarda Navoiy buyuk hikoyanavis sifatida koʻzga tashlanadi. "Lison ut-tayr " Alisher Navoiyning 20 jildli Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)dan oʻrin olgan.

Nasriy bayoni tahrir

Bir kuni guliston, boʻston, oʻrmon, dengiz va biyobon qushlari majlis tuzadilar. Majlisda qushlar oʻrin topolmay, parokanda boʻlishadi. Shunda Hudhud ularga bir yoʻlboshchi kerak ekanligi, uning nomi Semurgʻ ekanligi haqida xabar qiladi. Barcha qushlar Semurgʻ huzuriga yoʻl olishadi. Yoʻlda ular: Talab, Ishq, Maʼrifat, Istigʻno, Tavhid, Hayrat, Faqru Fano vodiylarini bosib oʻtishadi. Bu vodiylarda ular turli xil qiyinchiliklarga duch kelishadi. Safar davomida turli xil qushlar, turli xil vaziyatlarda safarni tark etishadi va halok boʻlishadi. Yakunda Faqru Fano vodiysiga yetib kelgan 30 nafar qush oʻzlarining „Simurgʻ“ ekanligini anglab yetishadi. Ular fano yoʻlini bosib oʻtib, boqiylikka erishadi. Har bir Vodiy bayonidan soʻng ibratli hikoyatlar keltirilgan. Asardagi eng uzun hikoyat „Shayx Sanʼon“ haqidagi hikoyatdir.

Adabiyot tahrir

  • Sharipov Sh., Alisher Navoiy „Lison ut-tayr“ dostonining genezisi va gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari, T., 1982;
  • Sultonmurod O., Naqshband va Navoiy, T., 1996.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil