Madaniy yaylov — mahsuldor oʻt qoplamini oʻstirish, yaylov maydonini maxsus tayyorlash va jihozlash yoʻli bilan melioratsiyalangan oʻtloqlarda barpo qilingan yaylov. Tabiiy-xoʻjalik sharoitlariga koʻra, 2 turdagi Madaniy yaylov tashkil etiladi: qisqa muddatli (5—6 yillik) va uzok, muddatli yoki uzok, yillar (7— 10 yil va undan ortiq)ga moʻljallangan yaylov.

Madaniy yaylov dastavval chorvachilik soxasi yaxshi rivojlangan mamlakatlarda — Gollandiya, Daniya, Shvetsiya, Angliya, AQSH, Yangi Zelandiyada 19-asrning oxirlaridan boshlangan. 1980-yillardan Oʻzbekistonda Toshkent viloyatidagi "Qizil shalola", "Erkin", "Oqqoʻrgʻon", Samarqand viloyatidagi Ulugʻbek nomli, Andijon viloyatidagi "Savay" xoʻjaliklarida sigirlarni yayratib boqish uchun uzoq yillarga moʻljallangan Madaniy yaylovlar tashkil etilgan.

Tabiiy oʻtloqzorlar asosida Madaniy yaylov yaratish uchun yaylov barpo etiladigan yerni tekislash, yaylovni suv bilan taʼminlash va bu yaylovlarga organik va mineral oʻgʻitlarni moʻʼtadil ravishda qoʻllash tashkil etiladi. Agar yaylov oʻti siyrak boʻlsa, kuz faslida dukkakli va boshoqli oʻsimliklar urugʻi sepiladi.

Madaniy yaylov tashkil qilishda yetarli tabiiy yogʻinlardan foydalanish yoki yomgʻirlatib sugorishni tashkil etgan holda har 100 yoki 200 bosh sogʻin sigir uchun moʻljallab ajratilgan maydon (100 bosh sigirga 7,5 ga) sim toʻsiqlar bilan bir necha mayda (taxminan 30 ta) paykallarga boʻlinadi. Paykal maydoni molning bosh soni, mahsuldorligi va yaylovga ekilgan ozuqabop ekinlarning hosildorligiga qarab aniqlanadi. 1 kun oʻtlatishga moʻljallangan paykalning eni (100 bosh sigir uchun) 50–60 m, u ikki yonidan 25 volt kuchlanishiga ega boʻlgan elektr toki oʻtkazilgan sim toʻsiqlar bilan oʻraladi. Odatda, har paykalda sigirlar 1 kun oʻtlatilsa, paykal maydonini hisoblashda yaylovning hosildorligi va 1 kunda oʻrtacha 10–15 kg sut beradigan sigirlarning 50–60 kg koʻk massa isteʼmol qilishi nazarda tutiladi.

Madaniy yaylovlar tashkil etish oʻtloqlardan foydalanish samaradorligini oshiradi, chorva mahsuldorligini koʻpaytirib, mastit va tuyoq kasalliklarini kamaytiradi (qarang Yaylov).

Ad.h Hamroqulov P., Karibayev K., Qishloq xoʻjalik hayvonlarini oziqlantirish, T., 1999; Mamasol iyev I. M.vab., Oʻzbekistondagi madaniy yaylovlarda ozuqa yetishtirishni jadallashtirish texnologiyasiga doyr tavsiyalar, T., 1990.

Roʻzimat Hamroqulov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil