Mahdiychilar qoʻzgʻoloni -Sudanda ingliz mustamlakachilari, Turkiya, Misr hukmronligiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon (1881—98). Unga mahdiylik asoschisi Muhammad Ahmad Maxdiy (uning oʻlimidan keyin Abdulloh ibn al-Said Muhammad; 7—1899) rahbarlik qilgan. Qoʻzgʻolon jarayonida mahdiychilar mamlakatning koʻp qismini egallashgan. Sudanning janubidagi qabilalar ham qoʻzgʻolon koʻtarib, chet el qoʻshinlarini quvib chiqarishda qoʻzgʻolonchilarga yordam berganlar. Tez orada butun mamlakatdan chet el armiyasi siqib chiqarilgan. Qoʻzgʻolon davrida mustaqil markazlashgan davlat vujudga kelgan. Hozirgi Sudan Respublikasining deyarli butun xududi Mahdiychilar davlati tarkibida boʻlgan (1885). Bu davlat 15 yil hukm surgan. Davlat daromadlari xalqdan olinadigan soliklar, qul savdosi, fil suyagini eksport qilish va harbiy oʻljalar boʻlgan. 1896-yilda Angliya katta kuch bilan Mahdiychilar davlatiga bostirib kirgan. 1898-yil 2-sentabrda Omdurman jangida mahdiychilar armiyasi ingliz qoʻshinlari tomonidan tormor qilingan. Sudan amalda ingliz mustamlakasiga aylanib qolgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil