Masjid (Machit) (arab. — sajda qilinadigan joy) — musulmonlar jamoa boʻlib, namoz oʻqiydigan joy, ibodatxona. Masjidlar, asosan, kundalik besh vaqt namoz oʻqish uchun moʻljallangan. Juma va hayit namozlari esa jome masjidlarida oʻqiladi. Birinchi masjidni Madinada Muhammad paygʻambar qurdirgan. Masjidlar dastlab shaharlarda, keyinchalik qishloq va mahallalarda barpo etilgan. Masjidlarning toʻrida, Makkaga qaragan (qibla) tomonida mehrob, hovlisida hovuz, bir yoki bir necha minora boʻladi. Ayrim yirik masjidlar mehrobining oʻng tomonida vaʼzxonlik uchun moʻljallangan minbar, baʼzilarida esa Qurʼon oʻqiladigan maxsus joylar ham boʻladi. Baʼzi masjidlar huzurida maktablar ham boʻlib, ularda oʻgʻil bolalarga Qurʼon oʻqish oʻrgatiladi. Masjidlarda juma va hayit namozi kunlari imom-xatiblar xutba oʻqib, turli diniy masalalar boʻyicha vaʼzxonlik qiladi. Oʻzbekistonda 2000 ga yaqin masjid bor (2003). Masjidlarda „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“gi qonunga amal qilingan holda faoliyat yuritiladi.

Masjidlar VII—VIII asrlardan turli musulmon mamlakatlarning mahalliy meʼmorlik anʼanalarida yetakchi oʻrinni egallab, oʻziga xos uslubda qurila boshlagan. Asosan murabba yoki toʻgʻri toʻrtburchak tarhli, markaziy qismida xonaqohi boʻlgan, hovli atrofi ravoqli ayvonlardan iborat. 8 qirrali, gumbaz tomli va koʻp ustunli, galereyali masjidlar tosh, yogʻoch, gʻisht, rangli koshin bilan hashamdor bezatilgan (Al-masjid al-Aqso, Al-masjid al-Harom, Katta masjid, Ibn Tulun masjidi va boshqalar).

Markaziy Osiyo’da dastlabki masjidlar Buxoro arki ichida 713-yilda Qutayba ibn Muslim tomonidan mahalliy otashgoh butxona oʻrnida qurilgan. Rivoyatlarga koʻra, Samarqanddagi birinchi masjid Hazrati Xizr masjidi oʻrnida boʻlgan. X—XI asrlar masjid meʼmorligida ganch oʻymakorligi, gʻishtni bezakli qilib terish sanʼati rivoj topgan (Termizdagi Chor ustun masjidi, Deggaron masjidi, Turkmanistondagi Sherkabir masjidi va boshqalar). XIV—XV asrlarda masjid turlari va tuzilishi oʻzgarib, u shaharning eng koʻzga koʻringan yirik meʼmoriy jamoat binolari qatoridan oʻrin olgan. Shahar markazlarida jome masjid, juma masjid va guzar, mahalla masjidlari keng tarqalgan. Movarounnahr meʼmorlik maktabida yaratilgan xalq ustalarining oʻziga xos merosi Eron, Xuroson, Ozarbayjon, Hindiston, Hirot meʼmorligi bilan oʻzaro uygʻunlashib ketgan. Bu maktab meʼmorligida erishilgan barcha imkoniyat va yutuqlar Gavharshod begim meʼmoriy majmuasi, Bibixonim jome masjidi, Koʻk gumbaz masjidi, Darbanddagi (Ozarbayjondagi) juma masjid (1368), Tabrizdagi (Erondagi) Koʻk masjid (1405) qurilishida oʻz aksini topgan.

XVI—XVII asrlarda masjid qurilishida gumbazlar tuzilishi ancha murakkablashdi. Peshtoq, ravoq va minoralarning turli shakllari yaratildi. Bezagida muqarnas naqshlar, koshinkori bezaklar qoʻllanildi: Ozarbayjonning Ardabil shahridagi shayx Sefi majmuasi (XV—XVII asrlar), Ganjadagi juma masjid (1606), Eronning Isfahon shahridagi Lutfullo masjidi (1603—1618), Shoh masjid (1612—1630), Mashhaddagi Musallo masjidi (XVII asr oxiri), Dehli jome masjidi, Turkiyaning Istanbul shahridagi Boyazid masjidi (1505), Shahzoda masjidi (1548), Sulaymon masjidi (1550—1557), Salim masjidi (1569—1575), Ahmad masjidi (1609—1617) va boshqalar. Oʻzbekistonning Buxoro, Samarqand, Shahrisabz shaharlaridagi Baland masjid, Xoʻja Zayniddin majmuasi, Bahouddin majmuasi. Shahar tashqarisida namozgohlar (Buxoro namozgohi, Qarshi namozgohi), ziyoratchilar uchun xonaqohlar (Qosim shayx xonaqohi, Fayziobod xonaqohi, Nodir Devonbegi xonaqohi va boshqalar) qurildi.

XVIII—XIX asrlarda Turkiyadagi masjid binolarining tashqi va ichki bezaklarida Yevropa meʼmorligi taʼsiri sezila boshladi. Istanbuldagi Nurusmon masjidi (1755) va boshqalar. Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklarida mahalliy meʼmorlik maktablari shakllandi. Xalq ustalarining avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan naqqoshlik, oʻymakorlik va ganchkorlik sanʼati masjid ayvonlari, ustunlari va devorlari bezagida yaqqol namoyon boʻldi (Doʻsti Xudo masjidi, Qoʻqon jome masjidi, Sirli Masjid, Xoʻja ilgʻor masjidi, Lutfullo Mavlono masjidi va boshqalar).

Oʻzbekistonda mustaqillikdan keyin anʼanaviy va zamonaviy meʼmorlik usullarini uygʻunlashtirgan holda masjidlar qurilmoqda (masalan, Buxoriy yodgorlik majmui, Toshkentdagi Nosirxon jome masjidi, Gʻazalkentdagi Olimjon jome masjidi va boshqalar).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil