Meʼdani yuvish — turli moddalardan zaharlanganda, sifatsiz ovqat yeb qoʻyganda, shu moddalar yoki ovqat qoldiklarini meʼdadan chiqarib tashlash maqsadida qoʻllanilgan muolaja. Bemorning ahvoliga qarab u oʻtirgan yoki yotgan holatida qilinadi. Meʼda zond bilan yoki oddiy usulda yuviladi. Zond orqali yuvganda 600—800 ml iliq suvga 2% li natriy gidrokarbonat yoki kaliy permanganat eritmasi qoʻshib meʼdaga yuboriladi va qayta soʻrib olinadi. Meʼdaga yuboriladigan suv toza boʻlib qaytib tushmagunicha Meʼdani yuvish takrorlanaveradi. Buning uchun 8—10 l cha suyuqlik ishlatiladi. Muolajani tibbiyot xodimi bajaradi. Uy sharoitida (hayot uchun xavfli zaharlanish hollari roʻy berganida, vrach yetib kelgunga qadar) yoki zond bilan yuvish mumkin boʻlmaganda oddiy usul qoʻllanadi. Buning uchun bemorga ketma-ket 5—6 stakan iliq suv ichirib qustiriladi. Bu oddiy usulni bir necha marta takrorlash lozim. Meʼda yuvib boʻlingach, bemor issiq oʻringa yotqizilib, orom beriladi; ogʻzini chayganidan soʻng 1—2 qultum issiq choy ichiriladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil