Metall bogʻ — kimyoviy bogʻning bir turi, metallning kristall panjara tugunlarida (uchlarida) joylashgan musbat zaryadli ionlar bilan elektron gaz (valent elektron)ning oʻzaro taʼsiri natijasida yuzaga keladi. Metallar oʻziga xos eng muhim fizikkimyoviy xossalari bilan boshqa oddiy va murakkab moddalardan farq qiladi. Bu xossalar faqat metallargagina mansub boʻlgan metall boglanish mavjudligi tufayli namoyon boʻladi. Metall atomida valent elektronlar soni oz, lekin elektronlar bilan toʻlmagan orbitallar koʻp. Valent elektronlar metall atomining yadrosi bilan ancha boʻsh bogʻlanganligi sababli kristall panjara ichida erkin harakat qiladi. Bu elektronlar harakati gaz qonunlariga boʻysunganligi uchun ularni elektron gaz deb ataladi. Demak, nisbatan ancha kam miqdordagi valent elektronlar koʻp miqdordagi metall ionlarini oʻzaro bogʻlab turadi. Metall bogʻ metallar, metall qotishmalari va intermetall birikmalar uchun tavsifli boʻlib, nafaqat ularning qattiq kristallarida, balki suyuq va amorf holatlarida ham saqlanib qoladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil