Mezozoy burmalanishi davrlari — mezozoy erasi davrida namoyon boʻlgan tektonikmagmatik faollik, togʻ hosil boʻlish va granit intruzivli magmatizm davrlari. Mezozoyda dastlabki va yirik burmalanish trias oxiri va yura boshida sodir boʻlgan va Yevrosiyoning gʻarbida erta kimmeriy va sharqida hindchin (indosin) nomlari bilan maʼlum. Erta kimmeriy-hindchin deformatsiyalari katta maydonni (Hindixitoy, Eron togʻligining shim.-sharqi, Mangʻishloq va Taymir yarim orollari, shim. Dobruja va Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlarining ayrim qismlari) qamrab olgan. Erta kimmeriydan keyin boshlangan kechki kimmeriy tektonik davri and, nevada, kolima, arauka vab. nomlar bilan maʼlum. U yuraning oxiri — boʻr boshlarida boʻlib oʻtgan va areali Tinch okean burmali halqasidan iborat. Mezozoy burmalanishining uchinchi yirik davri boʻrning oʻrtalariga va, ayniqsa, oxiriga toʻgʻri keladi. Uning namoyon boʻlishi butun Alp-Himolay mintaqasi boʻylab maʼlum. Mezozoy granit hosil boʻlishi jarayoni Tinch okean halqasidan tashqari rayonlarni, jumladan, Sharqiy Osiyoda ayrim hududlarni (Aldan qalqoni, Baykalorti, Mongoliya va Xitoyning sharqi) ham qamrab olgan. Mezozoy tektogenezi rangli metallar (mis, molibden, qalay, volfram va boshqalar), shuningdek, oltin konlarining hosil boʻlishi bilan birga kechgan. Baʼzi tadqiqotlar Mezozoy burmalanishi davrlarid.ni Alp burmalanishi davri bilan qoʻshib, bitta Alp tektogenezi sikli shaklida qaraydilar.

Adabiyot tahrir

  • Tektonika Yevrazii, M., 1966.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil