Mikroskop, zarrabin (mikro… va yun. skopeo – qarayman) – mikrozarralarni, koʻzga koʻrinmaydigan juda mayda narsalarni kattalashtirib kursatadigan optik asbob. M.ning kattalashtirishi difraksion hodisalar (qarang Difraksiya) tufayli cheklangan; u atigi 1500—1000-martani tashkil qiladi. Odam koʻzi 250 mm uzoqlikdagi zarralar oʻrtasidagi masofani 0,08 mm gacha aniqlikda farq qila oladi (bu raqam koʻpchilik odamlarda 0,90 mm ni tashkil etadi). Lekin mikroobyektlar (bakteriya, mayda kristallar va boshqalar) oʻlchami bundan ham kichik. Shu sababli, elementlari orasidagi masofa 0,25 mkm li strukturalarni farq qilishga imkon beradigan (yaʼni ajratish qobiliyati 0,25 mkm boʻlgan) M. mavjud (elektron M.niki – 0,01—0,1 nm). Ikki linzadan iborat tizimning tasvirni kattalashtirib berishi 16-asrdayoq Niderlandiya va Italiyadagi koʻzoynaksoz ustalarga maʼlum boʻlgan, (ikki linzali M.ni niderland ustasi 3. Yansen 1590-yilda kurgan), lekin birinchi M.ni 1609—10 yillarda G. Galiley ixtiro qilgan, murakkab M.ning hisobini 1872-yilda E. Abbe qilgan. M.da obyektiv sifatida bir-biriga yopishtirilgan sferik linza va koma (tasvir buzilishi)ga toʻgʻrilangan axromatik linzalardan foydalaniladi. M.da koʻp linzali obyektiv emas, balki ikki linza orasiga maxsus tiniq suyuqlik quyilgan immersion obyektiv ishlatiladi. Immersion obyektivda nur sochilishi kamayadi. Ultrabinafsha, infraqizil spektr sohasida ishlatiladigan M. obyektivi yana ham sifatli boʻlishi zarur. M.da tekshiriladigan preparatlar oʻzidan yorugʻlik chiqarmaydi, shu sababli uni yoritish lozim. Obʼyektni yoritishning turli usullari mavjud. Uning yoritilishiga qarab tasvir kon-trastlari (anikligi) ortadi.

Mikroskop

Okulyar ham M.ning muhim qismi. Tekshiriladigan obyektga qarab okulyarlar turlicha boʻladi. Okulyar sifatida koʻrish trubasi (koʻpincha, Gyuygens tipidagi okulyar) ishlatiladi. Yoritishda mikrokondensorlardan foydalaniladi; u linzalar tizimidan iborat. Mikrokondentorlarga iris diafragmasi oʻrnatiladi. Mikrokondensorlarning tuzilishi ham har xil; baʼzilari bitta linzasi olib qoʻyiladigan qilib yasaladi, bu hol mikroobyektlarni tekshirishni osonlashtiradi.

Ishlatish sohasiga qarab lyuminessent, ultrabinafsha, qutblovchi, interferension M.lar; tekshirish obʼyektiga qarab, biologik, elektron, metallografik M. va boshqa boʻladi. Lyumi-nessent M. boshqa M.lardan ikkita (kondensor oldida va obyektivdan ke-yin qoʻyiladigan) yorugʻlik filtri mavjudligi bilan farqlanadi. Bulardan tashqari, maxsus M.lar ham mavjud, mas, tez va sekin oʻtadigan jarayonlarni kinolentaga tushiradigan M., jarroxdik M.i, oziq-ovqat sifatini tekshiradigan M. va h.k. Fotografiya, tibbiyot, biol., fizika va kimyo sohalarida M. koʻp ishlatiladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil