Minogalar (Petromyzoniformes) — toʻgarak ogizlilar sinfiga mansub umurtqali hayvonlar turkumi (boshqa sistemaga koʻra, kenja sinfi). Gavdasining uzunligi 15—100 sm, vazni 3 kg gacha, skeleti togʻaydan iborat. Burun teshigi bitta, boshining yuqori qismida joylashgan, halqumi bilan tutashmagan. Orka suzgichlari 1 yoki 2 ta. Jabra teshiklari tanasi ikki yonida 7 tadan joylashgan. Voronkasimon ogʻzini teri disk oʻrab turadi. Koʻzi rivojlangan. Qon aylanish sistemasi tutash. Yuragi 2 kamerali. 1 oila, 7 urugʻ, 20 dan ortiq turi moʻʼtadil iqlim suvlarida tarqalgan. Chuchuk suvlarda va dengizlarda yashaydi. Suv tubidagi in (chuqurcha)ga 800 tadan 200 mingtagacha tuxum qoʻyib, haloq boʻladi. Lichinkasi 3—4 yil daryoda yashaydi. Oʻtkinchi turlari koʻpayish davrida daryolarga koʻtariladi va 5—6 yil hayot kechiradi. Koʻpchilik turlari yirik baliklar (jumladan, losossimonlar)ning ektoparaziti. Tili va ogʻizoldi diskidagi muguz tishchalari yordamida baliq tanasiga yopishib olib, uning qonini soʻradi; muskullari va ichki organlarini yeydi. M. goʻshti isteʼmol qilinadi. Boltiq dengizi havzasida dengiz minogasi va dare minogasi, Kaspiy dengizi havzasida Kaspiy minogasi; Oq dengiz, Barens dengizi, Oxota, Yapon dengizlari havzalarida tinch okean minogasi tarqalgan. Balikchilikka ziyon keltiradi. Oziq-ovqat sifatida katta ahamiyatga ega emas. Oz miqdorda ovlanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil