Mixail Yuryevich Lermontov (ruscha: Михаи́л Ю́рьевич Ле́рмонтов) [1814.3(15).10, Moskva — 1841.15(27).7, Pyatigorsk] — rus shoiri.

Mixail Yuryevich Lermontov
Михаи́л Ю́рьевич Ле́рмонтов
Tavalludi 3 (15) oktyabr 1814
Vafoti 15 (27) iyul 1841
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi
Otasi Yury Lermontov
Onasi Mariya Arsenyeva
Imzosi

Biografiyas tahrir

Bolalik chogʻlari Penza gubernyasidagi Tarxan (hozirgi Lermontov) qishlogʻida kechgan. 1827-yilda buvisi Ye.A.Arsenyeva bilan birga Moskvaga koʻchib borgan va 1828-yilda Moskva universiteti qoshidagi pansionning 4-kursiga oʻqishga kirgan. Dastlabki sheʼrlari, "Cherkeslar" (1828) va "Kavkaz asiri" (1829) dostonlari shu yerda yozilgan. L. pansiondagi 2 yillik tahsilidan soʻng 1830-yilda universitetning maʼnaviy-siyosiy boʻlimiga oʻqishga kiradi. Lermontov Talabalik yillarida qator lirik sheʼrlar, doston va dramalar yozgan ("Odamlar va ehtiroslar", 1830 va boshqalar). 1832-yilda untni tark etadi va Peterburgga borib, gvardiya podpraporshchiklari va kavaleriya yunkerlari maktabiga oʻqishga kiradi. Mazkur maktabni tugatgach, Lermontov Sarskoye Seloda joylashgan gusarlar polkiga yuboriladi (1834). Navqiron gusar koʻp vaqtini aslzodalarning koʻngilochar davralarida oʻtkazib, shu davralardan olgan taassurotlari asosida "Maskarad" dramasi, "Hoji Abrek" romantik dostoni (1835) va boshqa asarlarini yozadi. Lermontov 1837-yilda A.S.Pushkinning fojiali oʻlimiga bagʻishlab "Shoirning oʻlimiga" sheʼrini yozadi. L. bu sheʼrda shoirning oʻlimida aybdor sanalgan hukmron kuchlarni keskin qoralagani uchun Kavkazga surgun qilingan. L.ning Kavkazda boʻlishi uning shoir va rassom sifatidagi ijodiga samarali taʼsir koʻrsatdi. Kavkaz tabiati va tomi elatlar folkloriga mexr qoʻygan shoir shu yerda "Oshiq Gʻarib" (1837) sharq ertagi, "Zamonamiz qahramoni" (1840) romani va koʻplab rangtasvir asarlarini yaratdi. Ye.A.Arsenyeva va shoir V.A.Jukovskiyning saʼy-harakatlari bilan afv etilgan Lermontov 1838-yil yanvarda Peterburgga va aprel oyida esa Sarskoye Seloda joylashgan gusar polkiga kaytib keladi. Peturburgdagi qizgʻin adabiy hayot 30-yillar oxirida L. ijodida erksevarlik yoʻnalishining keng qanot yozishiga imkoniyat tugʻdiradi. "Oʻylar", "Shoir", "Oʻzingga ishonma...", "Paygʻambar", "Alvido, Rusiya, ey nopok makon" kabi sheʼrlari, "Msiri", "Demon" ("Iblis") kabi dostonlari, "Bela" qissasi (hammasi 1839) Lermontov ijodining kamolot bosqichiga koʻtarilganidan shahodat beradi. Shu kezlarda Fransiya elchisining oʻgʻli E.Barant bilan boʻlib oʻtgan duel L.ning ikkinchi marta Kavkazga surgun qilinishiga sababchi boʻladi. U Kavkazdagi piyodalar polki tarkibida bir necha harbiy yurishlarda ishtirok etadi. Uning shu vaqtda (1840, oktabr) "Otechestvennie zapiski" jur.da eʼlon qilgan sheʼr va dostonlari Peterburgda katta aks-sado beradi. Bundan foydalangan Ye.A.Arsenyeva nabirasining Peterburgga taʼtilga kelishiga erishadi (1841, fevral). Ammo rasmiy doiralardagi oʻziga boʻlgan sovuq munosabatni koʻrgan Lermontov 1841-yil 13-mayda Pyatigorskka qaytib keladi. Shu vaqtda bu yerlarda istirohat qilayotgan bir guruh yoshlar Lermontov bilan zobit N.S.Martinov oʻrtasida janjal chiqishiga erishadilar. 13-iyul kuni shoir duelda vafot etadi. Lermontovning xoki Tarxan qishlogʻiga olib kelinib, Arsenyevlar xilxonasida dafn etilgan (1842-yil 23-aprel). Lermontov shoir, nosir va rassom sifatida rus madaniyati tarixida faxriy oʻrinlardan birini egallaydi. U oʻzining eng yaxshi asarlarida erksevarlik va vatanparvarlik gʻoyalarini baland pardalarda kuyladi, mustamlakachilik siyosati ulugʻ rus shovinizmining avj olishiga sabab boʻlishi haqida rus jamiyatini ogohlantirdi, yuksak fuqarolik ideallarini tasdiqladi. Lermontov ijodi Oʻzbekistonda katta eʼtibor qozongan. Shoir hayotining yirik sanalari (1941, 1954, 1964, 1989) munosabati bilan oʻzbek matbuoti, teatri va jamoat tashkilotlari L. ijodiga koʻp bor murojaat etdilar. Asarlari Oybek, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosir, Asqad Muxtor va boshqa tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. L.ning "Maskarad" dramasi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Toshkent va boshqa shaharlarda L. nomi bilan atalgan maktab va koʻchalar bor. As: Asarlar, 1—2 j.lar, T., 1955; Sobraniye sochineniy, t. 1—4. M., 1964—65. Ad.: Gershteyn E.G., Sudba Lermontova, M, 1964; M.Yu.Lermontov v vospominaniyax sovremennikov, M., 1964; Umarbekova 3., Lermontov i oʻzbekskaya poeziya, T., 1973. Naim Karimov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil