Mol-mulk soligʻi - mahalliy soliqlarning bir turi, yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladi. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda mavjud. Oʻzbekistonda yuridik shaxslarga qarashli asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarining oʻrtacha yillik balans qiymati soliq solish obʼyekti hisoblanadi. Mulk sifatida qonunga muvofiq sotib olingan yerlar qiymati bundan mustasno. Yuridik shaxslar uchun soliq stavkasi mol-mulkning oʻrtacha yillik balans qiymatining 3% miqdorida belgilangan. Yuridik shaxslar oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarning 50% va undan ortigʻini eksportga chiqarsa, molmulk soligʻidan ozod etiladi, 25% dan 50% gachasini chiqarsa, soliq summasi 50% foizga kamaytiriladi. Jismoniy shaxslar esa uy-joylari, kvartiralari, chorbogʻ va bogʻ uylari, garajlar va boshqa imoratlar, binolar, inshootlar qiymati, avtomobillarning barcha turlari (yuk, yengil, avtobuslar, mikroavtobuslar va boshqalar), motorli qayiklar, vertolyotlar, samo-lyotlar va boshqa transport vositalari dvigatellarining quvvatiga qarab soliq toʻlaydilar. Ularga qarashli boʻlgan uy-joylar, kvartiralar, dala va bogʻ hovlilardagi uy-joylari, inshootlar va boshqa qiymatining, agar ularning 1998-yil 1-yanvargacha qayta inventarlashtirish qiymati hisoblab chiqilgan boʻlsa 0,5%, qayta hisoblab chiqilmagan boʻlsa, 7% miqdorida M.-m. s toʻlaydilar (2003). Oʻzbekiston Respublikasi Soliqkodeksi, Respublika Vazirlar Mahkamasining maxsus qarorlarida yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan M.-m. s.ni kamaytirish, bu soliq boʻyicha imtiyozlar berish yoki ozod etish tartibi mavjud.

Muhammadjon Nigʻmatov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil