"Musulmon birodarlar" ("Al Ixvon al muslimun") — diniy- siyosiy tashkilot. 1928-yil Misrning Ismoiliya shahrida tuzilgan. Asoschisi — Shayx Hasan al Banno (1906—1949). Uning siyosiy qarashlari Muhammad al Gʻazoliy, Muhammad Abdu, Jamoliddin al Afgʻoniy, Rashid Rizo kabi panislomiy modernistlarning taʼsirida shakllangan. U islomning sunniylik oqimi taʼlimotidan chetga chiqmagan holda "jihod", "islomiy milliyatchilik", "islomiy davlat" konsepsiyalarini ishlab chiqdi. Sayyid Qutb, Mustafo as Siboi tashkilotning taniqli mafkurachilari boʻlgan. Sayyid Qutbning "Islomda ijtimoiy adolat" asari uyushma taʼlimotining shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Tashkilotning maqsadi musulmon oʻlkalarda "islomiy adolat" tamoyillariga asoslangan jamiyat barpo etishdan iborat. Bunga esa "islomiy taraqqiyot yoʻli" bilangina erishish mumkin. "Musulmon birodarlar" mafkurasining gʻoyaviy asosini "islom faqatgina diniy eʼtiqod boʻlmasdan, balki mukammal dunyoqarash hamda ijtimoiy tuzumdir", degan aqida tashkil etadi. "Musulmon birodarlar" murakkab tuzilmali, harbiylashgan boʻlimlarni oʻz ichiga olgan. Misrdan boshqa mamlakatlar (Suriya va Livan)da ham boʻlimlari bor. Uning faoliyati keng ijtimoiy qatlamlarni qamrab olgan boʻlsada, tashkilot aʼzolari talaba-yoshlarni oʻzlarining asosiy zarbdor kuchi deb hisoblaganlar. "Musulmon birodarlar" xayr-ehson qilish va maʼrifatchilik faoliyatidan (1928—36) to siyosiy hayotda terror metodini keng qoʻllashda faol ishtirok etishgacha boʻlgan murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. 1930-yillarning oʻrtalaridan xalifalik shaklidagi "islomiy davlat" qurish gʻoyasi targʻibotiga zoʻr bera boshladi. Hasan al Banno vafotidan soʻng "Musulmon birodarlar" faoliyati yanada siyosiylashib bordi. Natijada u 3 yoʻnalishga boʻlinib ketdi: "moʻtadil birodarlar" (asosan, Hasan al Banno va Sayyid Qutb izdoshlari); "islomiy demokratlar" "islomiy sotsializm" taʼlimotining turli körinishlari tarafdorlari; harbiylashgan ekstremistik islomiy tashkilotlar ("Katoib Muhammad", "Junud Alloh", "At takfir val hijra", "At tahrir al islomiy"). "Xizbut tahrir al islomiy" diniy siyosiy partiyasi ham shular jumlasiga kiradi. "Musulmon birodarlar" uyushmasi boʻlinishi tufayli yagona tashkilot sifatini yoʻqotdi va 1950-yillardan "Musulmon birodarlar" harakati ("al Ixvoniyya") deb yuritila boshladi. Shu davrdan boshlab "Musulmon birodarlar" harakati ekstremistik faoliyati uchun faqat Misrda emas, balki boshqa davlatlarda ham gʻayriqonuniy deb eʼlon qilinib man etilgan. "Musulmon birodarlar" harakati Misr, Suriya, Iordaniya va Livanda faoliyat koʻrsatib, bu mamlakatlardagi siyosiy jarayonlarga katta salbiy taʼsir qilmoqda. "Musulmon birodarlar"ning birinchi jurnali "Al ixvon al muslimun" 1933-yildan chiqa boshlagan. 1980-yillardan boshlab "Ad daʼva" ("Daʼvat") jurnali "Musulmon birodarlar"ning asosiy nashridir.

Adabiyot tahrir

  • Miloslavskaya T. P., Deyatelnost "Bratyev-musulman" v stranax Vostoka, M., 1982; Korovikov F. V., Islamskiy ekstremizm v arabskix stranax, M., 1990; Borisov A. B., Rol islama vo vnutrenney i vneshney politike Yegipta. XX vek, M., 1991; Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.

Zohidillo Munavvarov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil