Mutagenlar (mutatsiya va ... genez) — fizik va kimyoviy omillarning tirik organizmlarga taʼsir etib, ularda mutatsiyalar paydo qiladigan omillar. Fizik mutagenlar ichida ionlovchi nurlar muhim oʻrin tutadi. Ular, oʻz navbatida, elektromagnitli (toʻlqinli) va korpuskulyar omillarga boʻlinadi. Birinchi guruhga rentgen, gamma va kosmik nurlar kiradi. Ikkinchi guruhga beta zarrachalar (elektron va pozitronlar), protonlar, neytronlar, alfa zarrachalar, yuqori va past harorat kiradi. Ionlovchi nurlarning barchaturlari mutagenlik xossalariga ega, ammo sunʼiy mutatsiyalarni olishda, asosan, rentgen va gamma nurlari qoʻllanadi. Kimyoviy mutagenlarga koʻpchilik alkillovchi birikmalar (di-metilsulfat, dietilsulfat, etilenimin, N nitrozoalkilmochevina, nitrozometilmochevina, nitrozoetilmochevina, etilmetan sulfonat, di-etilnitrozomochevina va boshqalar), nuklein kislotalar azotli asoslarining analoglari, alkaloidlar va boshqa kiradi. M. orasida kanserogen va teratogen xossalarga ega boʻlganlari ham uchraydi. Shu sababli koʻpchilik mamlakatlarda barcha yangi kimyoviy birikmalarning mutagenlik xususiyatini tekshirish uchun maxsus institut va laboratoriya tashkil etilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil