Nagpur — Hindistonning markaziy qismidagi shahar. Maharashtra shtatida, Nag daryosi boʻyida. Aholisi 1,96 mln. kishi (2001); asosan hindi, marathi tilida soʻzlashadi. Muhim savdo-transport tuguni. Mumbay — Kalkutta temir yoʻl va avtomagistralining deyarli oʻrtasida joylashgan. Ip gazlama sanoatining yirik markazi. Oziq-ovqat, keramika, oynashisha, poligrafiya sanoatlari rivojlangan. Sovitkichlar ishlab chiqarish, shina zavodlari mavjud. Hunarmandchilikda oltin va kumush ipli matolar toʻqiladi. Un-t, arxeologiya muzeyi, ilmiy tadqiqot muassasalari, shahar atrofida apelsin bogʻlari bor, paxta ekiladi. N. yaqinidan marganets qazib olinadi. Shaharga 18-asr boshlarida asos solingan. 18-asrning 30-yillaridan Marath sultonligi tarkibidagi Bxonsle davlati poytaxti boʻlgan. 1853-yil Britaniya Hindistoni tarkibiga qoʻshildi va Markaziy provinsiyalarning maʼmuriy markaziga aylandi. 1950—56 yillarda Madxya-Pradesh shtatining maʼmuriy markazi boʻlgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil