Nasafiy, Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy (? —1310, Bagʻdod) — mufassir, muhaddis, fiqhshunos. Ustozi Muhammad ibn Abdusattor al-Kardariy boʻlgan. N. fiqhga doir koʻplab asarlar yozgan. Olimning "Kanz ud-daqoiq" ("Daqiq masalalar xazinasi") asari ayniqsa mashhur. Unda musulmon huquqshunosligi asoslari, xanafiylik va shofiʼiylik mazhablarining oʻziga xos qiyosiy jihatlari aks etgan. Bu risola Nasrulloh ibn Muhammad ibn Jammod al-Irdi Kermoniy tomonidan fors tiliga tarjima qilingan. N.ning "Madorik at-tanzil va haqoyiq attaʼvil" ("Nozil qilingan Qurʼon maʼnolari va tafsir qilish haqiqatlari") tafsir kitobi ham mashhur. Uni taʼlif etishda imom Zamaxshariyning "Kashshof" tafsiridan foydalangan. N. tafsiri hozirgacha ulamolar va ilmi toliblar oʻrtasida shuhrat topib kelmoqda va undan islom oʻquv yurtlarida qoʻllanma sifatida foydalanilmoqda. N. hayotining soʻnggi yillarida Bagʻdodda mudarrislik qilgan. N. asarlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida, boshqa kitob xazinalarida saqlanmoqda.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil