Oʻktam Usmonov (25-iyul 1938 Qibray tumani Baytqoʻrgʻon qishlogi — 3-yanvar 1990) — yozuvchi, jurnalist. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutining tarixfilol. ftini tugatgan (1959). "Lenin uchquni", "Sovet Oʻzbekistoni" gaz.larida adabiy xodim va boʻlim mudiri (1959—72). Respublika partiya MKda masʼul xodim (1972— 82), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1983—86), "Sovet Oʻzbekistoni" gaz.da Bosh muharrir (1987—90). Dastlabki hikoyalari 50-yillarning oxirlarida eʼlon qilingan. Birinchi hikoyalar toʻplami — "Guldasta" (1964). Shundan keyin "Bas boylashgan bola" (1965), "Bahor chaqmoqlari" (1970), "Notinch kecha" (1976), "Sirli sohil" (1981), "Kishan" (1984), "Qismat" (1988) hikoyalar va qissalardan iborat kitoblari chop etilgan. U. ijodida "Girdob" (1979) romani muhim oʻrin tutadi. Roman asosida yaratilgan videofilm xalq orasida shuhrat qozongan. Asarda ziyolilarning mashaqqat va izlanishlarga toʻla hayoti, haqiqat va nohaqlik oʻrtasidagi shiddatli kurashlar, ziddiyatlar mahorat bilan tasvirlangan. Aziz, Mahamatchatoq obrazlari qayotiy, samimiy boʻyoqlarda chizilgan. T. Drayzerning "Amerika fojiasi" romanini, A. Shirvonzodaning "Nomus" qissasini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Usmonov Oʻktam" OʻzME. U-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil