Oʻrta sibir yassitogʻligiShimoliy Osiyoning markaziy qismidagi keng yassitogʻli oʻlka. Rossiya Federatsiyasi Krasnoyarsk oʻlkasi, Saxa Respublikasi va Irkutsk viloyati hududida. Yenisey va Lena daryolari oraligʻida. Shimolida Shimoliy Sibir tekisligi, janubida Sharqiy Sayan, Baykalboʻyi va Shimoliy Baykalorti togʻlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,5 ming km²chamasida.

Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi geologik jihatdan Sibir platformasiga toʻgri keladi. Uning fundamenti arxey va proterozoy eralariga mansub boʻlgan metamorfizlashgan va burmalangan choʻkindi jinslaridan tuzilgan. Ayrim joylarda (Aldan qalqoni, Anabar massivi) yer yuzasiga chiqib yotadi. Qolgan joylarda paleozoy va mezozoyning qalin yotqiziqlari ostida qolib ketgan. Ularning qalinligi Anabar massivi atroflarida, Aldan qalqonining shimoliy yon bagʻirlarida 1 — 1,5 km dan Tungus sineklizasi va Vilyuy choʻkmasida 8–12 km ga yetadi. Ushbu yotqiziqlar ichida bazalt, diabaz, gabbrodiabaz kabi otqindi jinslar, yaʼni trapplar keng tarqalgan. Qalinligi, baʼzan, 2000 m gacha boʻlgan bu trapplarning maydoni 1 mln. km²dan oshadi. Yassitogʻlikning oʻrtacha balandligi 500–700 m. Mutlaq balandliklari 200 m dan 1500–1700 m gacha. Uning eng baland joylari Putorana togʻi (1701 m) va Yenisey kryaji (1104 m)ga toʻgʻri keladi. Yassitogʻlik chuqur daryo vodiylari bilan oʻyilgan. Vodiylarning yon bagʻirlari qoʻpincha tik tushgan, ayrim joylarda esa dara shaklida. Daryolar oraliklari zinapoyasimon koʻtarilib boradigan keng va yassi hududlardan iborat.

Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi iqlimining eng asosiy xususiyati uning keskin kontinentalligidir. Oʻrtacha oylik tralarning yillik amplitudasi 55—60° gacha, eng issiq kun bilan eng sovuq kun trasidagi farq 102° gacha. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi yassitogʻlikning janubi-gʻarbida — 18°, shimsharqida —46° gacha, iyulniki shimolida 12° dan janubida 20° gacha. Yillik yogʻin miqsori ham hudud boʻylab bir tekis taqsimlanmagan. Yassitogʻlikning gʻarbiy qismida 500–600 mm, sharqiy qismida esa 250–400 mm. Eng koʻp yogʻin (700–800 mm) Putorana togʻlariga toʻtri keladi. Bunday iqlimning vujudga kelishi sabablaridan biri koʻp yillik muzloq yerlarning keng tarqalganligidir. Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligining shimoliy chekkalarida muzlab yotgan togʻ jinslarining qalinligi 600–800 m, Marxa daryosi vodiysida esa 1500 m gacha. Yassitogʻlik hududqdan oqib oʻtadigan daryolar (Quyi Tunguska, Toshloq Tunguska, Angara, Lena, Vilyuy, Anabar, Olenyok va boshqalar) sersuv, tezoqar va gidroenergiya resurslariga boy. Ularda yirik GESlar (Irkutsk, Bratsk, UstIlim, Krasnoyarsk, Vilyuy, Xantay va boshqalar) qurilgan.

Keskin kontinental iqlim va koʻp yillik muzloq yerlarning keng tarqalganligi tuproq va oʻsimlik qoplami hamda hayvonot dunyosining shakllanishi va geografik joylashishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Yassitogʻlikning katta qismi tayga zonasiga toʻgʻri keladi. Daraxtlari, asosan, sibir tilogʻochi (gʻarbda) va dauriya tilogʻochi (sharqda) dan iborat. Tuproqlari tarkibida mayda tosh zarralari koʻp uchraydigan muzloq tayga tuproqlaridir. Angara daryosi havzasida chimli podzol tuproqlarda qaragʻay va qaragʻaytilogʻoch oʻrmonlari uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, moʻynali hayvonlar (olmaxon, suvsar, kolonok, tiyin, ondatra, shimol tulkisi va boshqalar) tarqalgan.

Yassitogʻlikning janubida oʻrmonli dashtga xos hududlar ham uchraydi. Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi foydali qazilmalarga boy. Ayniqsa, toshkoʻmir (Tunguska, Irkutsk havzalari), qoʻngʻir qoʻmir, temir rudasi, nikel, oltin, olmos zaxiralari katta ahamiyatga ega. Ulardan tashqari grafit, tosh tuzi, slyuda, boksit, tabiiy gaz konlari ham mavjud. Qoʻriqxonalar bor.