Oʻsimliklar zararkunandalari — madaniy oʻsimliklarni zararlaydigan yoki ularni nobud qiladigan jonivorlar. Umurtqali hayvonlarning sut emizuvchilar sinfi, ayniqsa, kemiruvchilar turkumiga mansub Oʻsimliklar zararkunandalari koʻp. Umurtqasiz hayvonlardan qorinoyoqli mollyuskalarning ayrim turlari, nematodalar sinfidan yumaloq chuvalchanglarning koʻpchiligi oʻsimliklarni zararlaydi. Boʻgʻimoyoqlilardan hasharotlar sinfi, oʻrgimchaksimonlar sinfi (kanalar), koʻpoyokdilar sinfining baʼzi turlari hamda qisqichbaqasimonlar (eshakqurt)ga mansub turlituman va juda koʻp Oʻsimliklar zararkunandalari turlari bor. Hasharotlar, ayniqsa, hosilga koʻproq zarar yetkazadi. Ularning 60 mingdan ortiq oʻsimlikxoʻr turi maʼlum, shu jumladan, 4 mingga yaqin turi madaniy oʻsimliklarga zarar yetkazadi, mahsulotlarni buzadi va h.k.

Qishloq xoʻjaligi uchun zararli hasharotlar sistematik tamoyil (turkumlar boʻyicha) hamda oziqlanish xarakteri boʻyicha tasniflanadi. Oʻsimlikxoʻr hasharotlar va kanalar turli oilalarga mansub oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hammaxoʻr hasharotlar — polifaglarga; bir oilaga mansub har xil turdagi oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar — oligofaglarga; faqat bir turdagi oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar — monofaglarga boʻlinadi. Turli ekinlar hosiliga hammaxoʻr zararkunandalar: chigirtkasimonlar, baʼzi chirildoqlar, qoʻngʻizlardan qirsildoq (simqurtlar), qora qoʻngʻizlar (soxta simqurtlar) va boshqalar, kapalaklardan kuzgi tunlam, gʻoʻza tunlami, karadrina va boshqalar katta zarar keltiradi. Bir oilaga mansub har xil turdagi oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hasharotlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Bularga shved pashshasi, gessen pashshasi va boshqalar kirib, faqat boshoqli oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Karamguldoshlarga mansub oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hasharot turlari ham koʻp. Bularga karam oq kapalagi, karam kuyasi, karam pashshasi va boshqalar kiradi. Faqat bir turdagi oʻsimliklar bilan oziqlanadigan hasharotlardan filloksera (tokning asosiy zararqunandasi), beda barg filchasi (fitonomus) va boshqalar xavfli zararkunandalardan hisoblanadi. Zararkunanda hasharotlar va kanalar ular zararlaydigan oʻsimlik guruhlari boʻyicha ham tasniflanadi. Mas, boshoqlilar zararkunandalari, gʻoʻza zararkunandalari (200 dan ortiq turi bor), bogʻ zararkunandalari, sabzavot ekinlari zararkunandalari va h.k.

Oʻsimliklar zararlanishining asosiy ikki turi farqlanadi: birinchisi — ogʻiz organlari kemiruvchi, ikkinchisi sanchibsoʻruvchi hasharotlarga xos. Kemiruvchi hasharotlar oʻsimlikning turli organlarini, toʻqimalarini kemiradi. Sanchibsoʻruvchi hasharotlar, mas, oʻsimlik bitlari, kanalar va boshqalar oʻsimlik shirasi bilan oziqlanadi. Oʻsimliklar zararkunandalari oziqlanishida oʻsimlikning maʼlum organlariga oʻrgangan boʻladi. Shuning uchun ham ildiz, poya, barg, meva, gul va boshqalar organlar zararkunandalari guruhlari farklanadi.

Oʻsimliklar zararkunandalari tarqalishi va turlar kompleksining shakllanishi tashqi muhitning oʻzgaruvchanligi hamda turlarning ekologik moslashuvi bilan uzviy bogʻliq. Har bir tur oʻzi uchun qulay hududga joylashadi.

Hasharot va kanalarning rivojlanishi hamda koʻpayishi uchun temperatura sharoiti muhim ahamiyatga ega. Har bir tur uchun maʼlum temperatura rejimi zarur. Sutkalik oʻrtacha samarali temperatura yigʻindisiga qarab hasharotlarning paydo boʻlishi, rivojlanishi, mavsumda nasl berishini taxminan aniqlash mumkin. Oʻsimliklar zararkunandalarining embrional va postembrional rivojlanishi, odatda, yuqori trada tezlashadi. Mas, beda barg filchasi17,6° da 56, 21,2° da 34, 22° da 31 kunda rivojlanadi.

Rivojlanishi tuproq bilan bogʻliq boʻlgan hasharotlar uchun tuproqning kimyoviy tarkibi, kislotaliligi, aeratsiyasi, namligi katta ahamiyatga ega. Agrotexnika tadbirlari (tuproqni ishlash, oʻgʻit solish va boshqalar) yordamida zararkunanda hasharotlar uchun noqulay sharoityaratish mumkin. Mas, nordon tuproqlar ohaklanganda qirsildoq qoʻngʻizlar rivojlana olmaydi. Oʻsimliklar zararkunandalarining boshqa hayvon organizmlari bilan oʻzaro bogʻliqligi ham ularning rivojlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Mas, oʻsimlik bitlari oʻsimlik shirasi bilan oziqlanadi, ular ajratgan shira chumoli, yaydoqchi va baʼzi pashshalar uchun oziq hisoblanadi. Oʻsimlik bitlari bilan yirtqich hasharotlar (qoʻngizlar, vizildoq pashsha lichinkalari va boshqalar), ular bilan turli hasharotxoʻr qushlar, bular bilan esa turli yirtqich qushlar oziqlanadi.

Oʻsimliklar zararkunandalarining koʻpayishida oziqning koʻpligi va tarkibi, obhavo sharoiti, yirtqichlar, parazitlar, kasalliklar taʼsiri va boshqalar muhim rol oʻynaydi. Bir joyda muttasil bir xil ekin ekish (yakka ziroatchilik) shu oʻsimlik bilan oziqlanadigan zararkunandalarning koʻpayib ketishi uchun qulay sharoit yaratadi. Mas, eski bedapoyalarning oʻz vaqtida haydalmasligi ularda beda barg filchasining koʻpayib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Oʻsimliklarni zararkunanda hasharotlardan himoya qilishda fenologik kuzatish (qarang [Fenologiya]) muhim ahamiyatga ega (qarang Oʻsimliklarni himoya qilish).

Adabiyot tahrir

  • Yaxontov V. V., Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari hamda mahsulotlarining zararkunandalari va ularga qarshi kurash, T., 1962; Yaxontov V.V., Ekologiya nasekommx, M., 1964.

Sulton Alimuhamedov.