Oʻzbek tilining izohli lugʻati (2006–2008)

2006-2008-yillarda chop etilgan oʻzbek tilining besh jildli izohli lugʻati

„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ — oʻzbek tilining besh jildli izohli lugʻati. Bu lugʻat shu kungacha chiqarilgan eng keng koʻlamli oʻzbekcha izohli lugʻatlardan biridir. Lugʻat 1981-yil chop etilgan ikki jildli izohli lugʻatga asoslangan. 2006–2008-yillarda „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotida bosilib chiqqan.

Oʻzbek tilining izohli lugʻati

„Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ I jildining titul beti
Asl nomi Ўзбек тилининг изоҳли луғати
Muharrir(lar) Abduvahob Madvaliyev
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i Izohli lugʻat
Nashriyot „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 2006–2008
Sahifalar soni 680 (I jild)
672 (II jild)
688 (III jild)
608 (IV jild)
592 (V jild)

Lugʻatga hozirgi oʻzbek adabiy tilida keng qoʻllaniladigan 80 000 soʻz va soʻz birikmalari, fan, texnika, sanʼat va madaniyat sohalariga oid atamalar, ayrim shevaga oid hamda tarixiy va eskicha soʻzlar kiritilgan. Lugʻatda soʻzlarning qoʻllanilishi oʻzbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan.

Izohli lugʻat Abduvahob Madvaliyev tahriri ostida tayyorlangan. Lugʻat Oʻzbekistonda lotin yozuvi kiritilganidan ancha vaqtdan keyin tayyorlangan boʻlsa ham, kirill alifbosida chop etilgan. 2014-yil „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“da berilgan barcha izohlar Oʻzbekcha Vikilugʻatga maxsus bot yordamida qoʻshildi.

2020-yil „Oʻzbekiston nashriyoti“ davlat unitar korxonasida toʻldirilgan ikkinchi nashri eʼlon qilindi[1]. Yangi nashrda asosan texnik, imloviy va punktuatsiyon kamchiliklar tuzatilgan. 2022-yil ayni lugʻat asosida oʻzbek lotin yozuvida hozirlangan izohli lugʻat bosilib chiqdi.

Jildlar tahrir

Birinchi nashr tahrir

Jild Nashr yili ISBN Jilddagi maqolalar qamrovi
I 2006 ISBN 5-89890-132-9 А – Д
II 2006 ISBN 978-9943-07-051-6 Е – М
III 2007 ISBN 978-9943-07-051-6 Н – Тартибли
IV 2008 ISBN 978-9943-07-051-6 Тартибот – Шукр
V 2008 ISBN 978-9943-07-051-6 Шукрона – Ҳ

Ikkinchi nashr tahrir

Jild Nashr yili ISBN Jilddagi maqolalar qamrovi
I 2020 ISBN 978-9943-6520-1-9 А – Д
II 2020 ISBN 978-9943-6520-2-6 Е – М
III 2020 ISBN 978-9943-6520-3-3 Н – Тартибли
IV 2020 ISBN 978-9943-6520-4-0 Тартибот – Шукр
V 2020 ISBN 978-9943-6520-5-7 Шукрона – Ҳ

Tarixi tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-sonli qarori bilan 1981-yil ikki jildli izohli lugʻat chop etilganidan keyingi davrda oʻzbek tilida roʻy bergan oʻzgarishlarni eʼtiborga olib koʻp jildli lugʻat tuzish davlat dasturiga kiritilgan. Lugʻatni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklangan.

Lugʻat 1981-yilda nashr etilgan izohli lugʻat materiallaridan foydalanib tayyorlangan. Lekin yangi lugʻatda uning 1981-yilgi lugʻatning toʻldirilgan yoki yangi nashri emas, balki roʻy bergan leksikografik oʻzgarishlar aks ettirilgan mutlaqo yangi lugʻat ekanligi aytilgan:

Bir umumiy lugʻaviy maʼnoga ega boʻlgan soʻz shakllaridan asosiysini berish, qolganlarining esa, maʼnoda muayyan siljish, oʻzgarish boʻlmagan hollarda berilmasligi; avvalgi lugʻatda „eskirgan“, „diniy“ kabi belgilar ostida berilgan (yoki umuman berilmagan) tarixiy, etnografik, diniy terminlarga yangicha yondashuv; oʻzbekcha yoki umumturkiy boʻlmagan soʻz va terminlarga (arabcha, forscha, baynalmilal, ruscha va boshqa tillarga mansub soʻzlarga) mumkin qadar toʻliq etimologik maʼlumot berish kabilar ham ushbu lugʻatning oʻziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi.[2]

Lugʻat normativ (meʼyoriy) boʻlib, unda adabiy oʻzbek tilining imlo, talaffuz, soʻz yasash va uni ishlatish normalari tavsiya qilingan. Lugʻatda har bir soʻzning toʻgʻri yozma shakli, oʻzlashma soʻzlarning etimologiyasi, ayrim hollarda talaffuzi ham berilgan. Soʻzlarning aniqlangan maʼnolari va shu maʼnolarda toʻgʻri qoʻllanilishi oʻzbek badiiy adabiyoti va matbuotidan olingan misollar, iqtiboslar bilan tasdiqlangan.

Kartotekasi tahrir

Lugʻatni tuzishdan avval kartoteka, yaʼni lugʻatning leksik asosi tuzilgan va boyitilgan. Kartotekaga XX—XXI asrlarda chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, ilmiy-ommabop asarlar, darsliklar, matbuotdan olingan uch millionga yaqin misol-kartochka toʻplangan.[2]

Yoʻriqnoma tahrir

Lugʻat kartotekasini boyitish bilan bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Azim Hojiyev tomonidan „Oʻzbek tilining koʻp jildli izohli lugʻatini tuzuvchilar uchun yoʻriqnoma“ ishlab chiqilgan. Yoʻriqnoma qoʻlyozmasi mutaxassislar orasida keng muhokama qilinganidan keyin 2000-yil nashr etilgan.[2]

Muharrirlar tahrir

Tahrir hayʼati E. Begmatov, Abduvahob Madvaliyev, N. Mahkamov, N. Toʻxtayev, E. Umarov, D. Xudoyberganova, Azim Hojiyevlardan iborat boʻlgan. Hayʼatga Toʻra Mirzayev rahbarlik qilgan.

Lugʻatning ayrim harflarini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Shonazar Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, filologiya fanlari doktorlari, professorlar A. Nurmonov, N. Mahmudov va A. Mamatov, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sh. Egamberdiyev, geografiya fanlari doktori S. Qoriyev, filologiya fanlari nomzodi S. Olimovlar koʻrib chiqqan.

Lugʻat qoʻlyozmasining dastlabki va soʻnggi, yakuniy tahriri, etimologik maʼlumotlarni tegishli manbalar asosida aniqlashtirish, muhokama va taqrizlarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalar hisobga olingan holda filologiya fanlari nomzodi Abduvahob Madvaliyev tomonidan amalga oshirilgan.[2]

Tuzuvchilar tahrir

„Lugʻatning tuzilishi va undan foydalanish“ qismini Azim Hojiyev yozgan. A, V, Ye, I, Y, K, L, M, T, U, Sh, E, Yu, Ya, Oʻ, Q, Gʻ, H harflari Azim Hojiyev, B, D, F, harflari filologiya fanlari doktori, professor E. Begmatov, (B, D harflari Abduvahob Madvaliyev bilan hamkorlikda), N, O harflari filologiya fanlari nomzodi N. Mahkamov, P, R harflari filologiya fanlari nomzodi Z. Mirahmedova, S, X, Ts, Ch harflari filologiya fanlari nomzodi D. Xudoyberganova (S harfi Abduvahob Madvaliyev bilan hamkorlikda) tomonidan tuzilgan. S harfining dastlabki variantini tuzishda filologiya fanlari doktori M. Sodiqova ishtirok etgan.[2]

Komputer nusxasi tahrir

Lugʻatning dastlabki tahrirdan keyingi komputer nusxasini kichik ilmiy xodimlar R. Qilichev, I. Panasenko va D. Hakimovlar tayyorlagan. Soʻnggi tahrirdan keyingi komputer nusxani esa katta ilmiy xodim E. Panasenko tayyorlagan.

Texnik ishlarni bajarishda kichik ilmiy xodimlar J. Mamatov, N. Chinniqulov, D. Akbarova, S. Sattorova va O. Jumayevlar ishtirok etgan.[2]

Elektron versiyalari tahrir

2014-yil „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“da berilgan barcha izohlar Oʻzbekcha Vikilugʻatga maxsus bot yordamida qoʻshildi.

Manbalar tahrir

  1. „"Oʻzbek tilining izohli lugʻati" yangi tahrirda“. Oʻzbekiston Resublikasi Fanlar akademiyasi (3-iyul 2020-yil). Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „Soʻzboshi“,Oʻzbek tilining izohli lugʻati (I jild). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 5 bet. 

Havolalar tahrir