Obidjon Abduxoliqovich Maxmudov, Obid chatoq (1871, Margʻilon — 1936.21.11) — Turkistondagi jadidchilik harakati vakili, yirik sarmoyador, noshir va jamoat arbobi. M. Qoʻqonga koʻchib kelib, madrasa taʼlimini oldi. taxminan 1898-yilda Cheleken yarim orol (Kaspiy dengizi)ga borib, turli ishlar bilan mashgʻul boʻldi. Sherikchilikka olgan yeridan neft chikib, boyib ketadi.

Sankt-Peterburg untining togʻkon muhandisligi fakultetini tugatgan. Qoʻqonga qaytgach, togʻ-kon sanoati bilan shugʻullanib, Fargʻona vodiysida bir necha neft konlarini ochishda ishtirok etgan. Shoʻrsuvdagi oltingugurt konini sotib olgan. Fargona vodiysidagi jadidchilik harakatida qatnashgan va ularni moddiy jihatdan taʼminlab turgan. Qoʻqonda bosmaxona tashkil qilgan (1914). „Sadoi Fargʻona“ (1914), „Tirik soʻz“ (1917) va rus tilida chiqqan „Ferganskoye exo“ (1914) gaz.larining muharriri va noshiri. M. matbu-otda dolzarb maqolalar bilan chiqib, Turkiston xalqini maʼrifatli boʻlishga chaqirgan, uni ozodlik uchun kurashga daʼvat etgan.

Qoʻqon shahri Dumasi raisi oʻrinbosari (1917). Turkiston Muxtoriyati hukumatining oziq-ovqat vaziri (1917—1918). Muxtoriyat tugatilgach, Moskvaga borib, RSFSR Millatlar ishlari xalq komissarligi qoshidagi Turkiston vakolatxonasida matbuot boʻlimi mudiri va boshqa lavozimlarda ishlagan (1919—1921). Toshkentga qaytgandan soʻng, dastlab Turkiston MIQ da ishlagan (1921), soʻng Fargʻona vodiysiga borib, „Milliy ittihod“ tashkilotining boʻlimini tuzgan va sovetlarga qarshi faoliyat olib borgan. Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olingan. Ogʻir xastaliqsan vafot etgan.

Adabiyotlar tahrir

  • Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari, T., 1999; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917—1924-yil), T., 2002.

Qahramon Rajabov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil