Obsidian (lot. Obsidianus lapis — Obsidiy toshi; toshni Efiopiyadan keltirgan rimlik Obsius nomidan) — shishasimon vulkanik togʻ jinsi. Rangi koʻpincha qora, qizgʻish-qoramtir; mayda changsimon gematit zarrachalari O. ga dogʻsimon tus beradi. Qattiqligi 5; zichligi 2,5—2,6 g/sm³. Kimyoviy tarkibi har xil, koʻpincha liparitga yaqin, hajmining 80% atrofida silikat shishasi va 1% gacha suv bor. Nordon liparit yoki liparitdatsit lavalarining qotishidan hosil boʻladi. O. oson silliklanadi. O.dan tosh va jez davrlarida kamon oʻqi va nayza uchi, pi-choklar yasalgan, hozirgi davrda baʼzilari bezak buyumlar tayyorlashda, asosan, yengil betonlarga boʻrttiruvchi qoʻshimcha sifatida, yoʻl qurilishida va binolarni bezashda ishlatiladi. O.ning baʼzi turlaridan (ongonitlar) litiy, seziy, berilliy va boshqa noyob elementlar ajratib olish uchun foydalanish mumkin.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil