Okulyar (lot. ocularus — koʻzga oid) — murakkab optik asbob (kuzatish trubasi, mikroskop, durbin)ning kuzatuvchi qaraydigan qismi. Bitta linza yoki linzalar tizimidan iborat boʻladi. Obyektiv boshqa optik tizimlar (mas, prizma, kollimator) bilan hosil qilgan tasvir Okulyar yordamida koʻriladi. Dastlab (1609-yil) Okulyarlar astronomik koʻrish trubalarida ishlatilgan (Galiley Okulyarlari). Keyinchalik niderland olimi X. Gyuygens (17-asr) va ingliz olimi J. Ramsden (18-asr) ikki xil Okulyar kashf qilishgan. Ular amalda hozirgacha ishlatiladi. Bunday Okulyarni obyektiv bilan birga yasab buyumning tasviri olinadi.

19-asr oxirlaridan, ayniqsa, harbiy optika rivojlanishi munosabati bilan durbin, periskop va boshqalarda takomillashtirilgan Okulyarlar ishlatiladi. Okulyarlar musbat va manfiy linzali boʻlishi mumkin. Musbat linzali Okulyar oʻzidan oʻtayotgan yorugʻlik nuri dastasini toʻplaydi (toraytiradi), manfiy linzali Okulyar nur dastasini sochadi (kengaytiradi). G. Galiley Okulyarlari manfiy linzali oddiy (kuzatish burchagi kichik), X. Gyuygens va J. Ramsden Okulyarlari musbat linzali boʻlgan (rayem). Ularda kuzatish burchagi katta (kengrok)ligi uchun hozirgacha ishlatiladi. Okulyarlarning asosiy optik xossasi fokus masofasi (linzaning bosh fokusidan uning optik markazigacha boʻlgan masofa), odatda, 15–25 mm bilan ifodalanadi. Okulyarning aniq koʻrsati-shi shu masofaga bogʻliq boʻladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil