Olim Otaxon— 1951-yilning 12-aprel kuni Toshkent shahrida tugʻilgan.[1] 1974 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tugallagan.

Olim Otaxon
Tavalludi 12-aprel 1951-yil
Vafoti 17-sentyabr 2021-yil(2021-09-17)
(70 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston

Faoliyati tahrir

U oʻtgan asrning 70 yillari oʻrtalarida adabiyot maydoniga, aniqrogʻi, oʻzbek nasri yoʻnalishiga yangi ovoz, yangi talqin bilan kirib kelgan isteʼdodli adiblardan biri hisoblanadi. Uning oʻsha yillarda va mustaqillikning ilk yillarida hamda keyingi 10 yil davomida matbuotda eʼlon qilingan „Chanoq“, „Ularni tarbiyalagan tun“, „Odamlar izlayotgan Mustafo“, „Ozod qushlar haqida qissa“ kabi nasriy asarlari oʻzbek adabiyotida yangi toʻlqinni boshlab bergan asarlar sirasiga kiradi. Olim Otaxon nasrining oʻziga xos jihati shundaki, u qalamga olayotgan voqea va xodisalarda real hayot haqiqatidan yozuvchi nuqtai nazaridagi badiiy haqiqat ustunlik qiladi. Yaʼni Olim Otaxon har bir asarida real hayot haqiqatini adabiy sanʼat haqiqatiga aylantirishga uringan, harakat qilgan, bunga erishgan va boshqa ijodkorlardan ham shuni talab qilgan yozuvchi.

Asarlari tahrir

Yozuvchining „Bolalalik kaptarlari“  (1981),  „Oqshom xayollari“  (1986),  „Ozod qushlar haqida qissa“  (1988), „Adoqsiz koʻchalar“  (1990) nomli hikoyalari oddiy kitobxon muxlislardan tashqari, bugungi kunda adabiyot maydonida oʻz ovoziga, yoʻnalishiga  ega boʻlgan koʻplab taniqli ijodkorlarga ruh bergan, bahs-munozaralarga chorlagan asarlardir. Inson tiynatidagi asl mohiyat, avvalo, Yaratganga, qolaversa, millat ruhoniyatiga tegishli boʻladi. Ana shu asl mohiyatni jahon adabiyoti anʼanalari asosida milliy adabiy zaminda turib aks ettirish yozuvchi adabiy uslubining bosh mezoni boʻlganida muayyan adabiyot yangilanadi. Isteʼdodli yozuvchi Olim Otaxonning „Saylanma“ (2021) kitobiga jamlangan 3 ta qissa va 20 dan ortiq hikoyalari bundan dalolatdir. Adabiyotni anglash yoʻli — oʻzlikni anglash yoʻlidir. Bu yoʻlda chekilgan zahmat soʻz vositasida millat va xalq tasavvuri, idroki va tafakkurining qudratiga aylanadi. Uning „Borsa kelmasdagi xazina“ (2021) kitobidagi adabiy kuzatuvlar ana shu vazifani bajarishi bilan oʻziga xosdir. U isteʼdodli yozuvchi boʻlish bilan birgalikda, jahon adabiyotining sara namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, adabiyotimizni boyitishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. Ayniqsa, rus, Lotin Amerikasi, Yevropa va Yaponiya adabiyotiga oid Fyodor Dostoyevkiyning  „Maʼsuma“  (1985), „Gʻaroyib olam“ (1988), „Oʻlik uydan maktublar“ (2020), Jek Londonning „Oq soʻyloq“ (2011), Xulio Kortasarning „Oʻyinning tugashi“ (2018),  „Biz Glendani shunday sevamiz“ (2018),  Yasunari Kavabataning  „Oq gullar“ (2019) nomli asarlarining goʻzal tarjimalari adabiyot muxlislarining, ijodkorlarning sevib oʻqiydigan asarlari qatoridan tushmagan.Olim Otaxon 2021-yil 70 yoshida vafot qilgan.

Manbalar tahrir

  1. „Olim Otaxon“. xs.uz (2021.19.05). 2022-yil 4-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 4-avgust.