Olloqulixon madrasasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (183435). Madrasa qurilishi Ichan qalʼaning yaxlit ansambl boʻlib shakllanish tarixi bilan bogʻliq. Madrasa Ichan qal’aning sharqiy qismida barpo etilgan. Oʻrta Osiyo meʼmorligida keng tarqalgan qoʻshmadrasa uslubida, Ollo-qulixon timi, Xoʻjamberdibiy madrasasi, Polvon darvoza bilan oʻzaro bogʻlangan. Olloqulixon madrasasi sunʼiy tepalik (balandligi 3 m) ustiga kurilgan, shu tufayli qoʻshni binolardan ancha baland koʻrinadi.

Madrasa
Olloqulixon madrasasi
Olloqulixon madrasasining bosh fasadi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Zargarlar koʻchasi, 33-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Xorazm viloyati madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Olloqulixon
Homiylar Olloqulixon
Binokorlik 18341835-yillar
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida[1]
Qurilish materiali Pishiq g'isht

Tarixi tahrir

Olloqulixon madrasasi 1834—1835-yillarda Olloqulixon buyrugʻiga muvofiq, karvonsaroy yonida barpo etilgan. Xivada hukmronlik qilgan davrda Olloqulixon toshhovli, karvonsaroy, tim, Oqmasjid, Saidboy masjid kabi binolarni qurdirgan[2]. Madrasa 99 hujra (baʼzi manbalarda 90 hujra) hamda 2 ta masjid (qishki va yozgi), maʼruza oʻqish xonasi, kirish qismidagi dahlizdan tashkil topgan. Har bir hujrada deraza va eshik mavjud, madrasa devorlari ganch yordamida suvalgan. Hujralarning ichki qismlari esa hech qanday bezak bilan pardozlanmagan. Yaʼni, madrasa va masjidning ichki tomonida maxsus bezaklar va yirik gumbazlar yoʻq. Devorlari tekis, tokchalari chuqur oʻyilgan. Hamma bezaklari binoning tashqi devorlarida joylashgan[3].

Olloqulixon madrasasi oʻz davrining katta eʼtiborga ega oʻquv markazlaridan edi. Madrasada turli millat vakillari tahsil olgan. Bu madrasaning mudarrrislari qozoq va turkmanlar ustozlar boʻlgani tufayli talabalarning koʻpi ham qozoq va turkmanlardan boʻlgan[4]. Madrasada kutubxona mavjud edi. Xiva xoni Olloquli talabalarini kerakli adabiyotlar bilan taʼminlab turgan ushbu madrasa kutubxonasiga yaqin atrofdagi Tim va Karvonsaroydan keladigan daromadni ham qoʻshimcha vaqf mulki sifatida taqdim etgan. Manbalarda Olloqulixonning bu madrasa vaqfi uchun Xiva xonligi hududiga qarashli 8500 tanob (9 ming gektarga yaqin) yer ajratgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor[5]. Madrasaning peshtoq qismiga P shaklida oʻqilishi murakkab suls xati uslubida Qur’onning Fath surasi bitilgan.

Olloqulixon madrasasida avval Xiva shahri kutubxonasi joylashgan edi va undan barcha madrasa talabalari foydalanishgan[6]. Madrasa hozirda taʼmirlangan va u yerda hunarmandchilik markazi joylashgan.

Meʼmorchiligi tahrir

Madrasi toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (62,45x47,0 m), peshtogʻi gʻarbga qaragan. Bosh tarzini masjid miyonsaroy hamda darsxona, shuningdek, ikki qavatli hujralar egallagan. Eshik yuqorisidagi yozuvda binoning qurilgan sanasi saqlanib qolgan. Hovli (34,6x29,4 m) tomoni oʻziga xos, undagi ikki qavatli bir qator hujralar Polvon darvozaning kichik gumbazlari ustiga va qisman tim gumbazlari chekkasiga joylashgan. Mas-jid va darexona (4,8x4,8 m) tuzilishi bir xil. Usti yarim aylana shaklidagi pastak gumbaz bilan yopilgan. Devorlaridagi chuqur ravoqlar hisobiga xona keng koʻrinadi. Ayvon (5,5x5,5 m) Madrasa gʻarbida joylashgan, mehrobi ganchli muqarnasdan „iroqi“ uslubida bezatilgan. Hujralar (99 ta)ning har birida bittadan eshik, tobadoniga panjaralar oʻrnatilgan[7]. Madrasada joylashgan qishki masjid va darsxonaning tepasi yarim aylana shaklga ega past gumbaz bilan yopilgan. Masjidning peshtoqiga halqasimon naqshlar tushirilgan.

Manbalar tahrir

  1. „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2020-yil 22-sentyabr.
  2. „Оллоқулихон мадрасаси (Хива)“. madrasa.uz. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
  3. „Xiva – o‘tmishga ochilgan vaqt darvozasi“. otpusk.uz. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
  4. „Olloqulixon madrasasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
  5. Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 33 bet. 
  6. Абдуллаев, М.. Қадимий Хоразм тарихи ва Хоразм давлатчилиги. Tошкент: «Ўзбекистон» нашриёти, 2019 — 91 bet. 
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil