Otchopar, ippodrom — yoʻrtoqi va chopqir otlarni sinash (sovitish) hamda ot sporti musobaqalarini oʻtkazish uchun moʻljallab maxsus jihozlangan joy; bu sinov va musobaqalarni oʻtkazishni tashkil qiluvchi muassasa. O.da otlarni yoʻrttirib chopish va poyga oʻtkazish uchun moʻljallangan halqasimon (doira) berk yoʻlkalar, tomo-shabinlar uchun moʻljallangan minbarli inshoot (asosan, finish yoʻlkasi boʻylab quriladi), hakamlar uchun moʻljallangan minora (odatda, finish chizigʻi roʻparasiga quriladi) boʻladi. Yoʻlkalar ichida turli-tuman ot sporti musobaqalarini oʻtkazish uchun moʻljallangan maydonchalar va ot bilan sakrab oʻtiladigan toʻsiqkurilmalar qilinadi. O.da yordamchi va xoʻjalik inshootlari va binolari (yopiq manejlar, otxonalar, ot taqalash ustaxonasi, veterinariya lazareti, karantin xonalari va boshqalar) ham boʻladi. O.dagi yoʻlkalarning poyga oʻtkazish, otlarni yoʻrttirib chopish va aralash xillari boʻladi. Poyga oʻtkazish yoʻlkasida ot poygasi oʻtkaziladi, otlarni yoʻrttirib chopish yoʻlkasida otlar yoʻrttirishga va yuk tortishga sinaladi, aralash yoʻlkada ham poygalar oʻtkaziladi, ham otlar sinaladi. Yoʻlkalar, asosan, ellips shaklida boʻladi. Yoʻlkalarga chim yoki yumshoq rezina qoplanishi mumkin. Chimli yoʻlkalar chopqir otlar uchun, rezina qoplangan yoʻlkalar yoʻrtma otlar uchun yaraydi. Yoʻlkalarning uz. 1600—2000, 2400— 3000 m boʻlishi mumkin. O. dunyoning deyarli barcha yirik shaharlarida bor. Baʼzi O. larda totalizatorlar (otlarga pul tikiladigan joylar) ham boʻladi. Oʻzbekistonda ot sporti (uloq, "qiz quvish" va boshqalar) qadimdan rivojlangan. Bular keng adirlarda oʻtkaziladi, maxsus O.lar qurilmaydi. Toshkentda yaxshi jihozlangan va dunyo meʼyorlari talablariga javob beradigan O. 1976-yil qurilgan (meʼmorlar R. U. Asanov, E. I. Gusarova). Un-gacha (20-asr boshidan) ot poygasi musoba-qalari Qoʻyliqdagi eski O.da oʻtkazilgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil