Ozod Sharafiddinov

adabiyotshunos, adabiy tanqidchi

Ozod Sharafiddinov (1929-yil 1-mart – 2005-yil 4-oktyabr) – adabiyotshunos, adabiy tanqidchi. U 1929-yil 1-martda Qoʻqon yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻildi. Toshkentdagi 14-oʻrta maktabni, Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955). Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shugʻullandi, oʻzbek sheʼriyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. Oʻsha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari „Zamon. Qalb. Poeziya“ (1962) asarida oʻz aksini topgan. XX asrning 60-80-yillarida u Choʻlpon hayoti va ijodini targʻib qilishga intildi. Ozod Sharafiddinov oʻzbek adabiyotining Oybek, Gʻafur Gʻulom], Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: „Isteʼdod jilolari“ (1976), „Adabiy etyudlar“ (1968), „Abdulla Qahhor“ (1988), „Birinchi moʻjiza“ (1979). Olim ijodida oʻzga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan „Yalovbardorlar“ (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim oʻrin egallaydi. Ozod Sharafiddinov XX asrning 60-yillaridan XXI asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiy jarayonidagi holatlarni „Talant – xalq mulki“ (1979), „Adabiyot – hayot darsligi“ (1981), „Goʻzallik izlab“ (1985), „Haqiqatga sadoqat“ (1988), „Sardaftar sahifalari“ (1999), „Prezident“ (2003) singari asarlarida aks ettirdi.

Ijodi tahrir

Mustaqillik yillarida Ozod Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. „Choʻlpon“ (1991), „Choʻlponni anglash“ (1994) kitoblari, „E'tiqodimni nega oʻzgartirdim“ (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. Keyingi yillarda Ozod Sharafiddinov oʻzbek adiblari, madaniyat-sanʼat arboblari, olimlar haqida oʻnlab maqolalar yozdi. U jahon adabiyotining koʻplab namoyandalari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. „Koʻlmak suvda quyosh parchasi“ (fransuaza Sagan), „Qadimgi xitoy nasri namunalari“, „Monumental targʻibot“ (Vl. Boynovich), „Al-ximik“ (Paulo Koel’o) singarilar.

Mukofotlari tahrir

Ozod Sharafiddinov XX asrning 90-yillari oʻrtalarigacha Oʻzbekiston Milliy universitetida professor boʻldi. 1995—1997-yillarda „Tafakkur“ jurnali bosh muharrir oʻrinbosari vazifasini bajardi. U 1997-yildan beri „Jahon adabiyoti“ jurnalining bosh muharriri. Ozod Sharafiddinov Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1970), „Buyuk xizmatlari uchun“ (1999), „Mehnat shuhrati“ (1997) ordenlari sohibi. 2002-yil 23-avgustda Ozod Sharafiddinovga „Oʻzbekiston qahramoni“ unvoni berildi.

Asarlari tahrir

Sharafiddinov 20-asrning 60-yillaridan adabiyotshunos sifatida tanilgan. „Zamon. Qalb. Poeziya“ (1962) kitobida adabiy asarlarni badiiylik qonuniyatlari nuqtai nazaridan tadqiq etgan. Uning tadqiqotlari adabiyotni milliy gʻoyalar va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilishga bagʻishlangan. „Adabiy etyudlar“ (1968) kitobida ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi oʻrni masalalari talqin qilingan. „Yalovbardorlar“ (1974), „Isteʼdod jilolari“ (1976) toʻplamlariga kiritilgan ilmiy maqolalari adabiy ijoddagi anʼanalar, mumtoz adabiyotni oʻrganish vositalari va jahon adabiyotini oʻrganish muammolari haqida. Sharafiddinov oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida milliy va jahon adabiyoti anʼanalarini uygʻun qabul qilish tamoyillarini boshlab berdi.

Sharafiddinov „Birinchi moʻʼjiza“ (1979), „Talant — xalq mulki“ (1979), „Adabiyot — hayot darsligi“ (1980), „Hayot bilan hamnafas“ (1983), „Goʻzallik izlab“ (1985) asarlarida oʻzbek sheʼriyati, nasri va tanqidchiligining muhim muammolarini yoritgan.

Sharafiddinovning munaqqidlik faoliyatida 2 davr koʻzga tashlanadi. Birinchi davr shoʻro totalitar tuzumida kechgan boʻlib, unda adabiyotni totalitar mafkura gʻoyalaridan himoya qilish, adabiy qonuniyatlar asosida tadqiqotlar olib borish muammolari tadqiq etilgan („Zaharxanda qahqaha“, 1962; „Hayotiylik jozibasi, sxematizm inersiyasi“, 1979; „Yurtin madhi boʻldi soʻnggi satri ham“, 1979; „Sheʼr koʻp, ammo shoirchi?“, 1983). Ikkinchi davr munaqqid faoliyatida asosiy davr boʻlib, u istiqlol yillaridagi ijodini qamrab oladi. Bu davrda Sharafiddinov milliy adabiyotni shakllantirish muammolari, oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini qayta qurish, jahon adabiyoti anʼanalarini oʻzlashtirish hamda tarjima sanʼatini yuksaltirish masalalarini tadqiq etgan („Bir tilda gaplashaylik“, 1987; „Magʻzi puch soʻzlardan bir tosh nari qoch“, 2000; „Qaydasan, Moriko“, 2002).

Oʻzbek adabiyoti jahon adabiyoti bilan uygʻun tarzda tahrir

Sharafiddinov oʻzbek adabiyotini jahon adabiyoti bilan uygʻun tarzda oʻrganish anʼanasini boshlab bergan. Uning „Istiqlol fidoyilari“ (1993), „Sardaftar sarlavhalari“ (1999), „Maʼnaviy kamolot yoʻllarida“ (2001) kitoblarida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Otajon Hoshimov ijodi yangicha nuqtai nazardan tahlil etilgan. „Choʻlponni anglash“ (1993) asarida esa yangi oʻzbek tanqidchiligi 20-asrda bosib oʻtgan murakkab yoʻlni talqin, tahlil qilgan, koʻplab munaqqidlar ijodi, estetik prinsipini Choʻlpon ijodiga munosabat nuktai nazaridan yoritgan. Sharafiddinov „20-asr oʻzbek adabiyoti tarixi“ oʻquv dasturi (1997), „20-asr oʻzbek adabiyoti“ (1999) darsligi mualliflaridan.

Sharafiddinov ijodining choʻqqisi „Ijodni anglash baxti“ (2004) kitobidir. Unda oʻzbek adabiyotiiing jahon adabiy jarayonida tutgan oʻrni va ilmiy-maʼnaviy oʻzanlari tadqiq etib berilgan.

Tarjima asarlari tahrir

Sharafiddinov tarjima sanʼatiga tanqidchilik konsepsiyasini olib kirdi. Lev Tolstoyning „Iqrornoma“, P.Koeloning „Kimyogar“, A.Sevelaning „Toʻxtating samolyotni, tushib qolaman!“ asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi.

Ac: Mohiyat va muhabbat, T., 1994; Sardaftar sahifalari, T., 1999; Maʼnaviy kamolot yoʻllarida, T., 2001; Dovondagi oʻylar, T., 2004; Ijodni anglash baxti, T., 2004.

Asarlari tahrir

Adabiyot tahrir