Panchatantra (sanskritcha „Besh kitob“) — sanskrit yozma adabiyoti yodgorligi. 3—4-asrlarda yaratilgan. Nisbatan soʻnggi variantlari saqlanib qolgan. Donishmand Vishnusharman podshohning johil oʻgʻillarini tarbiyalash uchun yaratgan, deb hisoblanadi.

Panchatantra hayvonlar haqidagi masal va hikoyatlardan iborat 5 kitobni oʻz ichiga olgan, har bir kitob hikoya ichida hikoya usulida tuzilgan. Asarda hayvonlar obrazida inson qiyofalari namoyon boʻladi. Panchatantrada hind jamiyati hayoti istiora yoʻli bilan tasvirlanadi, nohaqlik fosh etiladi, insoniylik, yaxshi xulqlar targʻib qilinadi. Asar diniy tusdan xoli va shunisi bilan boshqa qadimiy hind yodgorliklaridan farq qiladi.

Panchatantra keng tarqalgan boʻlib, jahon adabiyoti rivojiga katta taʼsir kursatgan. 6-asr oʻrtalarida pahlaviy, undan arab tiliga tarjima qilingan; arab tiliga qilingan tarjimasi „Kalila va Dimna“ nomi bilan shuhrat topgan. U 12-asrda fors tiliga, 13-asrda esa oʻzbekchaga oʻgirilgan.[1] Panchatantraning 60 dan ziyod tilda 200 dan ortiq tarjimalari maʼlum.

Nashrlar tahrir

  • Panchatantra, per. s sanskrita i prim. A.Ya. Sirkina, M, 1958; Panchatantra (I.Gʻafurov tarjimasi), T., 1993.

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil