Parma — metall, yogʻoch va boshqa materialdan yasalgan buyumlarga teshik ochish, chuqurcha oʻyish uchun ishlatiladigan kesuvchi asbob. Ish va quyruq qismidan iborat. Ish qismida kesish elementlari joylashgan. Quyruq qismi konus va silindr shaklli boʻladi. Tuzilishiga koʻra, spiral (vintsimon), chuqur teshiklar teshadigan, markazlovchi, patsimon tigʻli va boshqa xillari boʻladi. Metall buyumlarga teshik ochishda spiral P. keng qoʻllaniladi (1-rasm). Uning ish qismi kesuvchi qirralar, qirindini chiqarib turuvchi ariqchalar va yoʻnaltiruvchi lentachalardan iborat. Bunday P.lar uglerodli yoki keskir poʻlatdan yasaladi, baʼzan, kesuvchi qir-ralarga qattiq qotishmalardan tayyorlangan plastina yopishtiriladi. Yogʻoch buyumlaruchun moʻljallangan P.larning kesuvchi qismi boshqacharoq tuzilgan (2-rasm). Silindrik va vintsimon xillarga boʻlinadi. Silindrik P.ning markazlovchi va qoshikli, vintsimon P.ning spiralsimon, shneksimon, shtopor va boshqa xillari bor. Yogʻoch uchun qoʻl parma ham ishlatiladi.

P.lar mexanik asboblar (elektr P., elektr drel), parmalash stanoklari, tokarlik stanoklari, dastaki stanoklarga oʻrnatib ishlatiladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil