• Portret (fr. portrait, eski fransuzchadan portraire — „chiziq yoki chegarani aks ettirmoq“, parsuna — lot.  persona — „shaxs; kishi“) — inson obrazining tasviriy sanʼatdagi eng murakkab janri hisoblanadi.

Portret (frans. portrait — tasvir) — 1) tasviriy sanʼat janri; real hayotda mavjud boʻlgan yakka, ikki yoki bir guruh kishilar, rassom tasavvurida paydo boʻlgan xayoliy qiyofalarning tasviri. Rang-tasvir, Haykaltaroshlik, Grafika, shuningdek, Fotografiya sanʼatining muhim janrlaridan biri. Portret asosida aniq shaxsning qiyofasini abadiylashtirish mumkin. Uning muhim tomoni tasvirning tasvirlanuvchi (model, asli)ga aynan oʻxshashligidir. Ijodkor portret orqali tasvirlanuvchi shaxsning maʼnaviy dunyosini, ijtimoiy hayotdagi oʻrnini, kasbi, jamiyatdagi mavqeini aks ettiradi va uning shu jihatlari orqali davr xususiyati, siyosiy iqtisodiy ahvol haqida maʼlumot bera oladi. Rassomning kasbiy mahorati, portret ishlash uchun tanlagan materiallari esa uning yaratgan asarlariga takrorlanmas oʻziga xoslik baxsh etadi. Tarixan portretning xilma-xil tur va koʻrinishlari shakllangan: ishlanish usuli, bajaradigan vazifasi, shakli, mazmuniga koʻra, dastgoh (kartina, byust, grafika varagʻi) va monumental (xaykal, freska, mozaika), tantanavor parad va intim, xajviy, satirik portret tarzida tasvirlanuvchining faqat bosh qismi, beligacha, butun boʻybasti bilan old va yon tomonidan ishlanishi mumkin. Shuningdek, turli tarixiy davrlarda nishon, tanga, medallar yuzasiga (medal yasash sanʼati) ishlangan, gemma (gliptika), medalionlarda miniatura portret keng tarqalgan. Bu janrdagi bir asarda koʻpincha bir necha janrlar qoʻshilishi mumkin. Unda tasvirlanuvchi sof holda (zaminsiz, yaʼni atrof muhitni aks ettirmasdan), tinch holatda yoki biror faoliyati bilan maʼlum muhitda ishlanishi mumkin. Shu tufayli shartli ravishda uni portret va prtret-kartina (janrli)ga ajratiladi. Uning keng tarqalgan turlaridan biri — avtoportret. Tasvirlanayotgan kishilar soniga koʻra, yakka, qoʻshaloq va guruh portretlarga boʻlinadi.

Tarixi tahrir

Portret sanʼati qadimda paydo boʻlgan. Qadimgi Misrda portretning noyob namunalari (haykaltaroshlikda — Exnaton, Nefertiti va boshqa haykallar) yaratiladi. Yunonistonda shoir, faylasuf va davlat arboblarining umumlashma, ideallashtirilgan haykal potretlari ishlandi (haykaltarosh Alopekli Demetriy, Lisipp va boshqalar), ellinizm davrida dramatik obrazlar yaratishga intilish kuchaydi. Antik davrhaykaltaroshlik portreti Qadimgi Rim sanʼatida yuksak choʻqqisiga koʻtarildi, aniq shaxsga eʼtibor oshdi. Unda shaxsning individual fazilatlarini aniq koʻrsatish, ruhiy kechinmalarini ochish jarayoni sezilarli oʻrin egalladi, haykal va byustlar bilan bir qatorda tanga va medallar, gemmalarga, shuningdek, rangtasvir portret ishlash keng tarqaldi. Dastgoh portretining rangtasvir namunalari boʻlgan fayyum portretlari (Misr, I—IV asrlar) ham antik sanʼat anʼanalari taʼsirida rivojlandi.

O'rta Asrlarda qatʼiy liniy krnunlar bilan cheklangan portret cherkov-meʼmoriy ansamblining ajralmas qismiga aylandi. Ijodkorlar unda podsho, din ahillarining obrazlarini yaratdilar, diniy mazmundagi portretlarda aniq shaxslarning fazilatlari, xususiyatlarini ifodaladilar. Oʻrta asrlar Xitoy ustalari asarlarida aniq shaxslar koʻpincha oʻziga xos fazilatlari bilan yapon rassom va haykaltaroshlarining ayrim portretlarida oʻtkir psixologik holat aks ettirildi.

Uygʻonish davrida uning rangtasvir, haykaltaroshlik va grafika turlari yuksak taraqqiy etdi. Faol, oʻz qadr-qimmatini biladigan qoʻrqmas, jasur inson qiyofasi bu davrning bosh qahramoniga aylandi. Borliqni ilmiy asosda oʻrganish va shu bilimlarni amaliyotda qoʻllashga intilishlar portretning yangi tizimini yuzaga keltirdi. Endilikda tasvirlanuvchi noreal makon va muhitda emas, balki insonga yaqin boʻlgan tabiat qoʻynida aks ettirildi.

Monumental rangtasvir asarlaridagi personajlar orasida rassom oʻzining qiyofasini ham ishlay boshladi. Bu jarayon keyingi davr sanʼatida yanada rivojlantirildi (rassom Jotto, Mazachcho, A. del Kastano, D. Girlandayo, S. Bottichelli, Pyero dela Francheska, J. Bellini; haykaltarosh N. Pizano, Donatello, A. Verrokko; dastgoh haykaltaroshligida Deziderio da Settinyano, Antonio Rossellino; medallarda A. Pizanello).

Yuksak Uygʻonish davri buyuk ijodkorlari Leonardo da Vinchi, Rafael, Jorjone, Titsian, Ya. van Eyk, Rogir van der Veyden, A. Dyurer, Katta Lukas Kranax, Kichik Xolbeyn va boshqalar portretdagi obrazlar mazmunini chuqurlashtirdilar, XVII asrga kelib demokratik qarashlarning ortib borishi insonga chuqur muhabbat bilan sugʻorilgan, nozik his-tuygʻularni anglash va tasvirlashga qaratilgan toʻlaqonli va harakatga boy portretlarni maydonga keltirdi, guruh portreti rivojlana boshladi (Rembrandt, Xale va boshqalar). Avtoportret shu izlanishlar mahsulidir, rassom inson ruhida boʻladigan oʻzgarishlarni oʻz qiyofasida, qarash, yuzdagi mimik oʻzgarishlarda ifodalashga harakat qildi. XVIII asr portretida shaxsning ijtimoiy mavqei, jamiyatdagi oʻrni haqqoniy aks eta boshladi (Fransiyada — J. B. S. Sharden, J. A).

Uslublari tahrir

XIX asr portret sanʼati uslublarga boy va rang-barang. Klassitsizm, romantizm, tanqidiy realizm shu davrda ishlangan portretlarga taʼsir etdi. Inqilobiy ruh bilan sugʻorilgan (J. L. David), koʻtarinki romantik ruhda ishlangan (T. Je-riko, E. Delakrua. O. A. Kiprenskiy, K. P. Bryullov), kinoyaga boy (F. Goyya) asarlar portret sanʼatini va uning rang-barangligini namoyon qiddi. XIX asr oxirgi choragida portretda tasvirlanuvchining ruhiy holatlarini tabiat bilan bogʻlay boshladilar. portretda ham impressionistlar (E. Mane, O. Renuar, O. Roden va boshqalar), postimpressionistlar (P. Sezann, Van Gog) tasvirlanuvchining oʻzgarmas shakli orqali uning toʻlaqonli obrazini yaratishga, shakllar harakatida dramatik holatlarini koʻrsatishga intildilar.

XX asr portret san'ati tahrir

XX asr portret sanʼati murakkab va ziddiyatlidir. Bir tomonda realistik portret oʻz imkoniyatlarini yanada chuqurlashtirib, inson feʼlidagi butun nozik oʻzgarishlarni toʻliq ochishga, uning falsafiy-dunyoviy oʻy-hayollari, tasavvur va taxminlarini aks ettirishga, uning plastik tomonlarini kuchaytirishga intilsa (Germaniyada — K. Kol-vits, E. Barlax; Fransiyada — Sh. Des-po, G. Pikasso, A. Matiss; Italiyada Modilyani, R. Guttuzo; Meksikada — D. Rivera, D. Sikeyros; AQSHda — E. Uayet; Yaponiyada — Seyson Maeda; Rossiyada I. D. Shadr, M. V. Nesterov. P. D. Korin va boshqalar), ikkinchi tomonda shu davrda keng yoyila boshlagan modernizm uslubi portretga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Bu yoʻnalish tarafdorlari shu borada tajriba ishlarini olib borib shakl, chiziq, rang, faktura imkoniyatlaridan foydalangan holda obraz yaratishga harakat qildilar.

Sharq portret san'ati tahrir

Sharq (Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Eron, Hindiston va boshqalar) miniatyura sanʼatida portretning nodir namunalari yaratilgan (Rizo Abbosiy va boshqalar). Jumladan, oʻzbek P. sanʼati ham boy tarixga ega. Bu sanʼat namunalari qadimgi va oʻrta asrlar sanʼatida uchraydi (Yunon-Baqtriya, Xorazm, Kushon podsholarining haykal va tanga yuzalariga ishlangan boʻrtma tasvirlari), Amir Temur va temuriylar, Shayboniylar hamda Boburiylar davri sanʼati (Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib, Muhammad Murod Samarqandiy va boshqalar)dagi miniatyuralarda maʼlum darajada taraqqiy etgan. Nafis (moʻjaz rasm) miniatyura taraqqiyoti davomida bir asar ustida bir necha sanʼatkorlar ijodiy hamkorlik qilgan, kishilar qiyofasi, yuzini tasvirlovchi musavvir nomiga chehrakushoy (yuzni ochuvchi) yoki chehra soʻzi qoʻshilgan. Ayniqsa, boburiylardan Akbar va Jahongir davrida ayrim shaxslar tasviri bilan birga guruh (koʻplab aʼyonlar ishtirokidagi) portret yaratish taraqqiy etgan. Ushbu portretlardan keyinchalik yevropalik rassomlar (Rembrandt, J. Reynolds va boshqalar) maʼlum darajada oʻrgangan, ilhomlangan. XX asrning 30—50-yillaridan zamonaviy rangtasvirdagi portret rivojlandi. Shu davrda uning hamma koʻrinishlari (portret, avtoportret, guruh portret, portret-kartina, tarixiy portret va h.k.)da asarlar yaratildi. Bahrom, L. Nasridsinov, Sh. Hasanova, A. Abdullayev, Oʻ. Tansiqboyev, M. Nabiyev va boshqalar dastlabki namunalarini yaratdilar, 50—60-yillardan uning diqqatga sazovor namunalari yaratildi: „Uzbek portreta“ (Oʻ. Tansiqboyev, 1927), „Alisher Navoiy“ (V. Kaydalov, 1940, 1947), „Abu Rayhon Beruniy“ (M. Nabiyev, 1950, 1972), „M. Turgʻunboyeva“ (Ch. Ahmarov, 1951), „Yunus Raja-biy“ (N. Qoʻziboyev, 1954), „Keksa kolxozchi portreti“ (R. Ahmedov, 1956), „Hamza“ (M. Saidov, 1968) va boshqa Bugungi kunda uzbek P. chiligi jahon sanʼati rivoji fonida oʻz mavqei va oʻrniga ega. B. Jalolov, A. Ikromjonov, S. Raxmetov va boshqalarning asarlarida zamon ruhi Sharq va Gʻarb sanʼati anʼanalari sil-silasida oʻz aksini topgan.

Badiiy adabiyot tahrir

Badiiy adabiyot — personaj tashqi qiyofasining tavsifi, tasviri; badiiy obraz yaratish vositalaridan biri portret harakteri asar janriga hamda yozuvchining ijodiy metodi va individual uslubi xususiyatlariga bogʻlik boʻladi. Odatda, portret personaj xarakterining yozuvchi eng muhim deb hisoblagan jihatlarini ochib beradi. U adabiyotda qadimdan mavjud. Tasvir vositasi sifatida oʻzgarib takomillashgan. Xalq ogʻzaki ijodida inson individullashgan shaxs sifatida tasvirlanmaganligi uchun uning portreti ham koʻpincha mavhum, umumiy xarakterga ega. Folklorda portret mifologik, fantastik yoki anʼanaviy tarzda yaratiladi. Shuning uchun aniq ijtimoiy, tarixiy, milliy va individual belgilardan mahrum boʻladi. Masalan, „Alpomish“ dostonida devlar portreti mubolagʻa bilan berilgan: Toʻqson qarich edi uning hassasi, Sarhovuzdan katta edi kosasi.

Qadimgi gʻarb va sharq adabiyotlarida ham portret koʻpincha mavhum, anʼanaviy harakterda boʻlgan. Masalan, gʻazallarda yorning tashqi qiyofasi oy, quyosh, yulduz, tun va kun kabi narsalarga nisbatda koʻrsatilgan. Realist yozuvchilar tashqi qiyofani batafsil tavsiflaydilar, unda davr va hayot tarzi bilan bogʻliq holda roʻy bergan oʻzgarishlarni aynan aks ettiradilar (masalan, Abdulla Qodiriy, Oybek). XIX asr da portretning ichki yoki psixologik (ruhiy) portret deb atalgan turi tarqalib, unda personajning harakteri — belgilari va ruhiy kechinmalari majmui ochib beriladi (Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov). Adabiy portret — atoqli shaxs, yaʼni yozuvchi, rassom, jamoat arbobining hayoti va ijodi haqidagi ocherk alohida janr hisoblanadi.

Neʼmat Abdullayev, Abdumajid Madraimov.[1]

Maʼlumki, har bir davrning usta rassomlari boʻlgan. Ular portret asarlarida zamondoshlarning goʻzal qiyofasini obrazlarini yaratib, keyingi avlodlarga meros qilib qoldirgan. Uygʻonish davrining buyuk nomoyondasi Lenardo da Vinchining „Avtoportret“, „Jakonda“ asari, Velaskesning „Papa Inokentiy X“ portreti shular jumlasidandir.

Gollandiyalik rassom Rembrandt kabi koʻpgina Yevropa rassomlari ham ajoyib portretlarni yaratib nom qoldirdi. XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan buyuk rus rassomlari O. Kiprenskiy, V. Tropinin, A. Venetsianovlar rus portret sanʼatining asoschilari boʻladilar. Ular XVIII asr portretchilik anʼanasini davom ettirib, insonni tasvirlashga yana ham zoʻr eʼtibor bilan qaradilar, portretlar psixologiyasiga katta ahamiyat berdilar, rassomchilik mahoratini oshirdilar.

O.A. Kiprenskiy portret sanʼatining muvaffaqiyati shundaki, rassom oʻz zamondoshlarini portretlarida dastavval insonning goʻzal maʼnaviy dunyosini, qadr-qiymatini, uning orzu-oʻylarini, kechinmalarini tasvirladi. U qator asarlarni, shu jumladan ijodning choʻqqisi boʻlgan A. S. Pushkin (1827) portretini yaratdi. Taniqli shoir siymosi bu portretda har jihatdan juda mukammal ochib berilgan. Asarda shoirning tashqi qiyofasi bilan birga, undagi ruhiy koʻtarinkilik, bitmas-tuganmas ijodiy ilhom sohibi ekanligi juda mohirona tasvirlangan.

Uning zamondoshlaridan biri V. Tropinin bizlarga asosan „Pushkin“, „Gitarachi“, „Bagration“ portretlari muallifi sifatida tanilgan. Uning 1823-yilda yaratgan „Toʻr toʻquvchi qiz“ portreti istarasi issiq, yoqimli shahlo koʻz qiz qiyofasini aks ettirdi. Ularning izdoshlaridan biri A. Venetsianovdir. U birinchi boʻlib sanʼatga dehqon obrazlarini olib kirdi va birinchi boʻlib tabiatning poetik obrazini yaratdi.

20 yillarda yaratgan „Yoz“, „Ekinzorda“ asarida — tabiat va inson obrazini, dehqonlarni mehnat jarayonini ifodalab uygʻunlashtirib bergan. U „Zaxarka“ portretida mehnatkash bolani ichki dunyosini ochib bergan. XIX asrda realistik portret soxasida Kramskoy, Repin, N.Vasnetsov, V.Serov kabi ulugʻ rus rassomlar ijod qildilar. N.Kramskoyning N.Nekrasov, P.Tretyakov, L.Tolstoy, I.Repinning V.Stasov, M.Musogorskiy portretlari bunga yorqin misol boʻla oladi.

XX asrning ikkinchi yarmida oʻzbek portret sanʼati yuksalib rivojlandi. Portret sohasini Lutfulla Abdullayev, Abdulhay Abdullayev, Raxim Ahmedov, Malik Nabiyevlar samarali ijod qilib kelmoqdalar. Lutfulla Abdullayevning „Mulla toʻychi Toshmuhamedov“, „Y. Axunboboyev“ portretlari realistik anʼanalarda mohirona tasvirlangan. Abdulhay Abdullayev birinchi oʻzbek portretchi rassomlardan biri boʻlib, portret sohasida salmoqli ijod qiladi. U oʻz zamondoshlari, ziyolilarni, olimlarni adabiyot va sanʼat namoyondalarini portret galleriyasini yaratib katta muvaffaqiyatlarga erishdi.

„Abror Xidoyatov Otello rolida“, yozuvchi „Oybek“ portreti muallifining shoh asarlaridan boʻlib, Otelloni oʻychan boqishi, gavda harakati portretga romantik koʻtarinkilik ruhini baxsh etgan. Unda yuz ifodasi psixologik holati mohirona tasvirlangan. Oybek portretida shoir siymosi kompozitsiya jihatidan juda chuqur va mukammal ochib berilgan. Rassom bu asarda inson qiyofasini abadiylashtiribgina qolmay, balki hamma yuksak insoniy fazilatlar egasi, otash qalb, xayajon va tashvishga toʻla buyuk yozuvchining jonli portretini yaratdi.

Rahim Ahmedov portret janrida hayotga chuqurroq yondoshdi. Inson ichki kechinmalarini, his-tuygʻularini, orzularini, insonning goʻzallik qalbini oʻz asarida ochib beradi. Uning „Ona oʻylari“, „Surxandaryolik ayol“, „Dehqon portreti“ yorqin misol boʻla oladi. Malik Nabiyev asosan portret janrida zamondoshlari bilan bir qatorda tarixiy allomalar obrazini ham yaratish ustida koʻp mehnat qiladi. U 1952-yili „Beruniy“ obrazini yaratdi. 1993-yili buyuk sarkarda „Amir Temur portreti“ni yaratdi. Portret kompozitsiyasini yaratishda rassomlarning oʻziga xos uslubi mavjud, u adabiy qoʻlyozma, etnografik xujjatlardan unumli foydalanadi.

Portret mazmuniga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi: kalla portreti, koʻkrak qiyofali portret (byust), yarim gavda portret, butun gavda qiyofasi portreti, portret kartina, guruhli portret, miniatyura portreti va hokazo.

Portret kompozitsiyasining tuzilishida insonning tashqi va ichki qiyofasi, uning ruhiyati, shuningdek qoʻli, oʻtirish holati, liboslari, interyerdagi predmetlar asosiy vosita sifatida muhim rol oʻynaydi. Har bir rassom portret yaratishda oʻz tajribasi, usuliga tayanadi. Bunga har xil kutilmagan holatda, rang va texnikada bajarilgan portretlar dalil boʻla oladi. Bahodir Jalolovni kinorejissyor „Komil Yormatov“ portreti shu fikrimizni tasdiqlaydi.

Shuning uchun portret yaratishda yoshlar ulugʻ portret ustalari tajribasini oʻrganib. Ularda unumli foydalanishlari lozim. Portretchi rassom avval tasvirlanuvchi bilan chuqurroq tanishib, bir muncha davrda uni kuzatib, suhbatlashib, uni asosiy harakteri, xususiyatlarini, ichki va tashqi dunyosini yaxshi oʻrganishi kerak, M. Nesterovning shogirdi P. Korin doim bu amallarga sodiq qolib A.Tolstoy, N.Kachalov, M.Nesterov, N.Saryan portretlarni shu tarzda yaratdi.

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil