Postmodernizm

Filosofiya va Sanʼatga oid harakat

Postmodernizm XX asr oʻrtalari va oxirlarida rivojlangan yoʻnalish boʻlib, u asosan falsafa, sanʼat, arxitektura va adabiy tanqidchilikda modernizm anʼanalaridan chekinishni oʻzida ifodalaydi. Atamadan asosan modernizmdan keyin kelgan taʼrixiy davrni ifodalash uchun qoʻllanilgan.

Postmodern mutafakkirlari bilim va qadriyat kabilarni kontingent yoki ijtimoiy shakllantirilgan deb hisoblashadi va ularni siyosiy, tarixiy yoki madaniy rivojlanish va ierarxiyalarning mahsuli deb sanashadi. Ushbu mutafakkirlarning fikricha, shaxsiy yoki maʼnaviy ehtiyojlar insonlarning ijtimoiy yashash sharoitlarini yaxshilash, nisbatan elastik va moslashuvchan tartiblar oʻrnatish orqali qondirish mumkin deb hisoblashadi va bu ularni modernizm anʼanalari bilan qarshi qoʻyadi, chunki modernizmda avvalo ideal deb qaraladigan haqiqatga erishishga kattaroq urgʻu beriladi. Baʼzi faylasuflarning fikricha, postmodernistik tafakkur yurituvchilar oʻz-oʻzlarining fikrlarini toʻgʻri deb hisoblash va unga suyanish paradoksiga duchor boʻlish xavfidadir, chunki modernizm davri tafakkurida ishlab chiqilgan konsepsiyalar va metodlarsiz ularni tanqid qilishning ham iloji yoʻqdir.[1]

Postmodernizmni modernizm davri bilan bogʻliq metanarrativlar va mafkuralarga nisbatan shubha, ironiya va ularni inkor etish tendensiyasi sifatida ham taʼriflash mumkin. Unda koʻpincha Uygʻonish davrida yuzaga kelgan oqilonalik (ratsionallik) inkor qilinadi va siyosiy hamda iqtisodiy qudratni ushlab turishda mafkuraning oʻrni yuqori qo‘yiladi. Postmodernizmda asosan obyektiv voqelik, axloq, haqiqat, inson tabiati, aql, ilm-fan, til va ijtimoiy taraqqiyot kabi universal gʻoyalar tanqid ostiga olinadi. Yaʼni ularning hech biri universal xarakterga ega emas, balki muayyan tarixiy yoki ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar tomonidan yuzaga keltirilgan deb hisoblanadi. Shunday ekan, postmodernizm anʼanasini subyektiv fikrlarning birinchi darajaga qoʻyilishi, gnoseologik va axloqiy relyativizm va plyuralizm kabi tendensiyalar bilan tasvirlash mumkin.

Postmodernistik tanqidiy yondashuvlar 1980-1990 yillarda ommalashdi va madaniyatshunoslik, fan falsafasi, iqtisodiyot, tilshunoslik, meʼmorchilik, feminizm, adabiyotshunoslik, shuningdek adabiyot, sanʼat va musiqa kabi sohalardagi badiiy yoʻnalishlar va fan sohalari tomonidan qabul qilindi. Postmodernizm asosan dekonstruksiya, post-strukturalizm, institutsional tanqid kabi fan tarmoqlari, shuningdek Jan-Fransua Lyotar, Jak Derrida va Fredrik Jeymson kabi faylasuflar bilan bogʻliq holda oʻrganiladi.

Postmodernizmga turli-tuman tanqidlar bildirilgan boʻlib, ularning baʼzilariga koʻra, postmodernizm obskyurantizm, yaʼni barcha narsani inkor qilish va ularga tanqidiy munosabatni ilgari suradi va bu bizning bilim olish qobiliyatimizni cheklashdan nariga oʻtmaydi.[1]

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 Habermas, Jürgen (1987). The philosophical discourse of modernity : twelve lectures. Cambridge, Mass: MIT Press. ISBN 0262581027.