Punktuatsiya (lot. punctum — nuqta; kichkina dogʻ) — 1) alifbodan tashqari boʻlgan grafik belgilar (tinish belgilari) tizimi boʻlib, grafika va orfografiya (imlo) bilan birgalikda yozma tilning asosiy vositalarini tashkil etadi. Punktuatsiyaning asosiy vazifasi yozma (bosma) matnni qismlarga ajratish, grafik jihatdan shakllantirishdir; 2) yozma matnni punktuatsion rasmiylashtirishni tartibga soluvchi, har bir til uchun tarixan shakllangan qoidalar, meʼyorlar; 3) Punktuatsion tizimi qonuniyatlarini, shuningdek, tinish belgilarining qoʻllanish meʼyorlarini oʻrganadigan tilshunoslik boʻlimi.

Muayyan milliy til grafikasi (yozuvi) 2 xil vositadan: harflar (alifbo) va tinish belgilari (punktuatsiya) tizimidan iborat. P. tarixi, punktuatsion tizimning paydo boʻlishi, tinish belgilarining soni turli tillarda turlicha namoyon boʻladi. Masalan, punktuatsion tizim hozirgi maʼno va koʻrinishda Gʻarbiy Yevropa tillari yozuvlarida 15—16-asrlarda, rus yozuvida 18-asrda, oʼzbek yozuvida esa 19-asrning 2-yarmida paydo boʻlgan. Yoki ingliz tili punktuatsion tizimida apostrof va defis ham tinish belgisi hisoblanib, ularning jami 12 ta boʻlsa, hozirgi oʻzbek P.si quyidagi 10 ta tinish belgisidan iborat: vergul, ikki nuqta, koʻp nuqta, nuqta, nuqtali vergul, soʻroq belgisi, tire, undov belgisi, qavs, qoʻshtirnoq. Punktuatsiyaning qoʻllanishida ham tillararo tafovut boʻlishi mumkin, Masalan, ispan tilida soʻroq va undov belgilari gapning boshida va oxirida qoʻyiladi.

Punktuatsiya tilning sintaktik qurilishi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, yozma nutqni toʻgʻri, ifodali, aniq bayon qilishda, uning uslubiy ravonligini, tez tushunilishini taʼminlashda muhim vositadir. Oʻz navbatida, muayyan tildagi Punktuatsiya anʼanalarining mustahkamlanishi va takomillashuvida taniqli yozuvchilarning ijodi hamda tinish belgilarining qoʻllanish kridalarini belgilovchi va tartibga soluvchi tilshunoslar faoliyati katta ahamiyatga ega. Hozirgi O'zbek Puktuatsiyasining shakllanishi, rivoji, uning oʻrganilishi Fitrat, S. Ibrohimov, H. Gʻoziyev, O. Usmon, Gʻ. Abdurahmonov, K. Nazarov va boshqa tilshunoslarning nomi bilan bogʻliq.

Abduvahob Madvaliyev, Neʼmat Mahkamov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil