Qargʻalarqargʻasimonlar oilasiga mansub 2 turi: kulrang Q. va qora Q.ning umumiy nomi. Baʼzan 1 turning 2 kenja turi sifatida qaraladi. Uz. oʻrtacha 47 sm. Kulrang Q pati kulrang va qora; qora Q.niki — faqat qora boʻladi. Bu 2 tur areali chegarasida oraliq tusli gibrid formalar ham uchraydi. Qora Q. Yevropa va Osiyo gʻarbida va Shimoliy Amerikada; kulrang Q. Yevrosiyoning boshqa hududlari va Shimoliy Afrikada tarqalgan. Oʻrmonlar, xiyobonlar, baʼzan qamishzorlarda uya quradi. Kulrang Q. har xil muhitga moslana olishi va murakkab xulq-atvori tufayli shaharlarda koʻp uchraydi. Ayrim joylarda oʻrdaklar va boshqalar qushlar uyasidagi tuxumlari va bolalarini yeb, birmuncha ziyon yetkazadi.

Qargʻa
Corvus corone corone