Qattiqlik jismlarning bir-biriga botish darajasi bilan aniqlanadigan qiymat boʻlib, bir jismning ikkinchi jismni botishiga qarshilik koʻrsatish xususiyatidir.

Qattiqlik — 1) metallurgiyada — biror jism (mas, metall)ning qattiq jismning botishiga koʻrsatadigan qarshiligi; jismning mustahkamlik va plastiklik xossalariga hamda oʻlchash usuliga bogʻliq murakkab xossa. Koʻpincha, Q.ni oʻlchash uchun botirish usulidan foydalaniladi. Bunda Q.ning qiymati botirish kuchining botirilgan jism sinalayotgan namuna sirtida qoldirgan iziga nisbati bilan ifodalanadi. Jismlarning Q.ligi, odatda, Brinell usuli (toblangan poʻlat sharcha botirish yoʻli bilan), Rokvell usuli (toblangan sharcha yoki olmos konus botirish yoʻli bilan) va Vikkers usuli (olmos piramida botirish yoʻli bilan)da aniqlanadi. Q.ni aniqlashning Shor usuli ham bor (poʻlat sharchaning sinalayotgan namunaga urilishidan keyin qaytish balandligini oʻlchashga asoslangan). Q. ultratovush tebranishlar yordamida ham aniqlanadi. Q. Brinell usulida NV, Rokvell usulida NK, Vikkers usulida esa NU bilan ifodalanadi. Q.ni aniqlash usuli sinalayotgan materialning Q.ligi, uning oʻlchami va shakliga qarab tanlanadi; 2) materialshunoslikda — bino, inshoot va mashinalar konstruksiyalarining deformatsiya (egilish, choʻzilish, buralish va boshqalar) ga qarshilik koʻrsatish xususiyati. Konstruksiyaning geometrik kesimiga va materialning fizik xossalariga bogʻliq boʻladi. Bino, inshoot va mashinalar tayyorlashda Q. hisobga olinadi; 3) q. Suvning qattiqligi.