Qorjontov — Gʻarbiy Tyanshan togʻ sistemasidagi tizma. Asosan, Qozogʻiston Respublikasi Janubiy Qozogʻiston viloyatida, faqat gʻarbiy qismining janubiy yon bagʻri Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent viloyatiga kiradi. Janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa choʻzilgan. Oʻrtacha balandligi markaziy qismida 2000 m, janubi-gʻarbida 700-800 m. Eng baland joyi 2823 m (Mingbuloq choʻqqisi). Janubi-gʻarbda Q. pasaya borib Qorachatov qiriga aylanadi. Bu yerda Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston chegarasida Q.ning eni 30-40 km. Q. shimoli-sharqiy yoʻnalishda 90 km davom etib, Ugom tizmasining oʻrta qismiga borib taqaladi. Tizmaning janubi-sharqiy yon bagʻri qisqa va tikroq, soylar bilan chuqur kesilgan. Shimoli-garbiy yon bagʻri Keles daryosining chap irmoqlari bilan kesilgan. Q.ning katta qismi paleozoy davri vulkan jinslari, qumtosh, slanets, konglomeratlardan tashkil topgan. Baʼzi qismlarida devon va toshkoʻmir davrlari ohaktoshlari va dolomitlar tarqalgan boʻlib, ularda karst relyef shakllari (karrlar, karst voronkalari, shaxtalar, gʻorlar) hosil boʻlgan. Q.ning yon bagʻirlari har xil oʻtlar bilan qoplangan. Yon bagʻirlarini kesib oʻtgan chuqur vodiylarda qoraqaragʻayzorlar, 1400-2000 m balandliklarda yongʻoqzormevazorlar uchraydi. Q.dan shimoli-gʻarbda Juzumsoy, Qizilotasoy, Uyasoy, Qorjonsoy, Oqparak, Koʻkpaksoy va boshqa, janubiy va janubi-sha-rqqa Urgutsoy, Qizilsuv, Chilmay-ram, Oqtosh, Ozodbosh, Tovoqsoy va boshqa daryolar oqib tushadi.