Quddus Muhammadiy

Oʻzbek yozuvchi,shoir va dramaturg (1907-1997)

Quddus Muhammadiy (Muhammadiyev Quddus) (1907.25.10 — Toshkent — 1999.22.6) — bolalar shoiri. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1982). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1957). Qishloq xoʻjaligi texnikumini tugatgan (1930), Oʻrta Osiyo davlat universiteti (1931—32) va Toshkent tibbiyot instituti (1932—37)da oʻqigan. Maktabda oʻqituvchi (1930—32). Islom shoir kotibi (1941 — 45). Sheʼrlari 1928-yildan "Quddus" taxallusi bilan matbuotda bosilgan. dastlabki sheʼrlar toʻplami — "Oʻquvchiga esdalik" (1946) maktab bolalari hayotiga bagʻishlangan. "Sheʼr va ertaklar", "Sinov" (1947), "Orzu", "Bahor keldi" (1948), "Qirq oʻgʻil, qirq qiz" sheʼriy toʻplamlari (1951) hamda "Yangi uy" (1953), "Kitob", "Bu binoni kim qurgan?", "Oq togʻlar", "Tentaksoy" kabi asarlarida inson mehnati ulugʻlangan. "Qanday boʻlmogʻim kerak?" (1960), "Juda qiziq, juda chiroyli" (1961), "Ona-bola mehri" (1963), "Bola boshidan, oʻgʻlon yoshidan" (1964), "Qanotli doʻstlar" (1978), "Choʻpon bobo qoʻshigʻi" (1979) va boshqa sheʼr va ertaklar toʻplami nashr qilingan. Q.M. bolalarning yoshiga, saviyasiga mos qilib asarlar yaratgan, adabiybadiiy vositalarni izlab topgan, kinoya, satira va yumor unsurlaridan unumli foydalangan. Q.M. ijodiga xos boʻlgan asosiy xususiyat uning asarlarida badiiylik, maʼrifiylik va tarbiyaviylikning uygʻunligidadir. Shoir ijtimoiy hayot voqealari va tabiat hodisalariga teran nazar tashlaydi, ularning oʻziga xos ichki va tashqi tomonlarini, rivojlanish qonuniyatlarini chuqur idrok etadi hamda ularni bolalar adabiyoti talablariga muvofiq, yaʼni jonli va dinamik tarzda gavdalantiradi va badiiy umumlashgan obrazlar yaratadi. "Tabiat alifbesi" (5 kitob, 1974—80)da bolalarni Oʻzbekistonning boy va goʻzal tabiatini sevishga, suv va havosini musaffo saqlashga chaqirgan. "Kitob va Oftob" (1986), "Men sizga bir hikmat aytaman" (1987) kabi asarlar muallifi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1969).

As.Tanlangan asarlar, T., 1957; Ochil dasturxon [Sheʼr va ertaklar[, T., 1970; Serebristiy topol, Stixi, M., 1982.

Adabiyot tahrir

  • Qoʻshjonov M., Quddus Muhammadiy va Kudrat Hikmat, T., 1963; Bat L., Shoir va pedagog ["Oʻzbek sovet bolalar adabiyoti" toʻplamida), T., 1969; Xoʻjayeva R., Quddus Muhammadiy, T.. 1980.