Qudrat Umarovich Xoʻjayev (1911.5.5 — Toshkent — 1981.9.8) — aktyor, rejissyor Oʻzbekiston xalq artista (1956). Moskva teatr sanʼati institutini tugatgan (1936). Ijodiy faoliyatini 1929 yilda Toshkent ishchiyoshlar teatrida aktyorlikdan boshlagan. 1936—41 yillarda va yana 1952 yildan Hamza teatrida aktyor. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Yangiyoʻl teatrida rejissyor, Samarqand va Namangan viloyat teatrlarining badiiy rahbari (1942—52). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida pedagog (1961 — 81). Fitratning "Arslon" spektaklidagi Imom roli X.ning ilk sahnaviy obrazidir. Frans (Shiller, "Karokchilar"), Laert, Kassio (U. Shekspir, "Otello"), Qori (A. Qahhor, "Tobutdan tovush"), Jogen (R. Tagor, "Gang daryosining qizi"), Sezar (U. Shekspir, "Yuliy Sezar"), Serebryakov (Chexov, "Vanya togʻa"), Sakkokiy (M. Shayxzoda, "Mirzo Ulugbek"), Saidxon (S. Azimov, "Qonli sarob"), Ilhom (B. Rahmonov, "Yurak sirlari") kabi rollari bilan shuhrat qozongan. Rejissyor sifatida "Farhod va Shirin" (Xurshid), "Momakaldiroq" (A. Ostrovskiy), "Halima" (F. Zafariy) singari spektakllarni saxnalashtirgan. Har qanday obrazning tashqi qiyofasi, nutqi, yurishturishini, oʻziga xos odatlarini puxta oʻylardi, shu orqali qahramonining ichki dunyosini ochib berardi. Uning qahramonlari koʻpincha madaniyatli, bilimdon, salohiyatli boʻlardi. X. satirik obrazlar ustasi sifatida ham tanilgan. Shu xususiyatlar kinofilmlardagi obrazlarida ham oʻz aksini topgan (Nargiz, "Alisher Navoiy"; Naziriy, "Hamza"; Naqshobiy, "Ikki dil dostoni" va boshqalar).

Ac: Goʻzallik shaydosiman, T., 1976; Sahnaga yoʻl, T., 1982; Monolog ob aktyorskoy jizni, T., 1983.