Rixsiboy Orifjonov (1926.23.4 – Toshkent – 1979.4.6) — aktyor, rejissyor, dramaturg. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1964). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1953). Hamza teatrida (1941–53; 1956–61), Qoʻqon teatrida (1953–56) aktyor. Kattaqoʻrgʻon teatrida (1961–64), Samarqand teatrida (1964–67) bosh rejissyor, Surxondaryo teatrida bosh rejissyor va direktor (1970–72), Toshkentdagi Muqimiy teatrida direktor (1973–75), Sirdaryo teatrida bosh rejissyor (1975–78), Respublika xalq ijodi uyi rah-bari (1978–79). Omon (Tuygʻun, "Bahodir"), Soli pismiq, Asqar (Uygʻun, "Qaltis hazil", "Hurriyat"), Yalangtoʻsh (N. Safarov, "Sharqtongi"), Muqimiy (S. Abdulla, "Muqimiy"), Karl Moor (F. Shiller, "Qaroqchilar"), Sattor (B. Rahmonov, "Yurak sirlari") kabi obrazlarni yaratgan. Rejissyor sifatida "Ona qalbi" (M. Boboyev), "Furqat" (B. Avezov), "Dugonalar" (Yo. Xudoyqulov), "Qaroqchilar" (F. Shiller), "Ajab savdolar" (H. Gʻulom), "Nodira" (H. Razzoqov), "Boy ila xizmatchi" (Hamza) kabi 50 dan ortiq spektakl sahnalashtirgan. Respublika teatrlarida sahnalash-tirilgan "Basharang qiyshiq boʻlsa...". "Turmush saboqlari", "Ona hukmi", "Aldangan qiz" singari pyesalar muallifi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil