Roman uslubi – Yevropa (asosan, Gʻarbiy Yevropa) sanʼatida 10-asrdan 12—13-asrlargacha hukm surgan badiiy uslub. Bu davr sanʼatida Qad. Rim madaniyati va meʼmorligida Qadimiy Rim meʼmorligi uslub va unsurlaridan keng foydalanilgan („roman“ iborasi shartli boʻlib, „rimniki“ maʼnosini anglatadi). Roman uslubi (termin 19-asr 20-yillaridan ishlatila boshlangan) Yevropada xristian diniy tizimining mustahkamlanishi va yoyilishi bilan bogʻliq holda rivojlandi, shuning uchun markazlari monastirlar boʻlib, quruvchi, haykaltarosh va toshtaroshlari esa monaxlar edi. 11-asr oxiridan sayyor quruvchilar sobor, monastir, cherkov, qoʻrgʻon va qasrlar qurib Roman uslubini yaratdilar. Binolar toshdan qurilgan (bazilika turi asosiy oʻrinni egallaydi), tuzilishining asosini minora tashkil etadi, uning atrofidagi geometrik shakllar (kub, prizma, silindr va boshqalar) binoning yaxlit majmuini hosil qiladi. Roman uslubi meʼmorligiga antik sanʼat, Vizantiya hamda arab mamlakatlari sanʼati sezilarli taʼsir koʻrsatgan, yuzaga kelgan meʼmorlik maktablari yagona tamoyillarga boʻysungan. Bu binolar tarhi va tuzilishida, bezaklar shakli va mazmunida koʻrinadi. Roman uslubi Fransiya, Germaniya meʼmorligida yorkin namoyon boʻlgan. Jumladan, Notr dam la Grant ibodatxonasi (11 —12-asrlar) koʻrinishi birmuncha past, uch nefli (oʻrtadagi nefi yonidagilardan birmuncha baland), tosh devorlar kalin, undagi kichik tor darchalar devor qalinligini boʻrttirib, salobatini oshiradi, bino (ichki va tashqi devorlari) rassomlik va haykaltaroshlik asarlari bilan bezatilgan. Dastlab devoriy rasmlarga keng oʻrin berilgan, 11-asr oxiri – 12-asr boshlaridan ibodatxonalar bezagida monumental relyeflar yetakchi oʻrin egallaydi; bino peshtoqi va odd tarzida, ichki bezaklardan ustun va uning kapitelida keng ishlatilgan. Roman uslubida vitraj ham oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Amaliy sanʼatda kitob miniatyurasi rivojlandi. Yevropaning koʻpgina mamlakatlarida miniatyura maktablari (rassomlar) shakllandi, yaratilgan asarlar mustaqil asar sifatida ahamiyatga egadir. Jumladan, fransuz rassomlari akauka Limburglar 60 dan ortiq miniatyuralarda yil fayellari, qishloq xoʻjaligi bilan band kishilarning hayotini jonli ifodalagan[1].

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil