Roziy (arabcha: متفق — Roziy — Toʻliq ismi:Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziy (865-925)) — Qomusiy olim, faylasuf va tabib.

Roziy Portreti (al-Roziy)

Hayoti tahrir

Roziy (toʻliq nomi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo al-Roziy) (865.28.8 — Ray — 925.26.10) — sharqning qomusiy olimi, tabib va mutafakkir Roziy Oʻrta asr Yevropasida lotincha Razes nomi bilan tanilib, tabobat sohasida oʻz davrining Jolinus (Galen)i deb sanalgan. Shuningdek, kimyo, botanika, matematika, astronomiya, mantiq va falsafa kabi fanlarni chuqur oʻrgangan; adabiyot va musiqa bilan ham shugʻullangan. Roziy bir qancha vaqt Ray va Bagʻdod shifoxonalarini boshqargan. U Oʻrta Osiyo, jumladan, Buxoro ilm axllari bilan ilmiy muloqotda boʻlgan. Koʻz kasalligiga uchrab, umrining oxirida koʻr boʻlib qolgan.

Roziyning tabobatga oid asarlaridan 36 tasi bizgacha yetib kelgan. U terapiya, xirurgiya, diagnostika, sanitariya-gigiyena, farmakognoziya, farmakologiya, anatomiya, psixologiya kabi ilmlarni yangi gʻoya va ixtirolar bilan boyitgan. Tabobat bilan bogʻliq boʻlgan botanika, mineralogiya va kimyo fani sohasida ham ancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Roziyning eng muhim asarlaridan biri "Kitob alhoviy fittib" („Tibbiyotga oid bilimlar majmuasi“) nomli toʻplamidi Roziy Unda antik davrdan to Roziy zamonasigacha boʻlgan nazariy va amaliy maʼlumotlar berilgan (asarning ayrim qismlari Rossiya Fanlar Akademiyasi sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg qoʻlyozmalar fondida, Myunxen, London, Oksford, Kembrij, Eskurial (Ispaniya), Istanbul va Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda).

„Al-Kunnosh al-Mansuriy“ asari tahrir

 
Roziy (shifokor) bir bolani tekshirayotgani.

Roziyning tabobatga oid yana bir yirik asari — „Al-Kunnosh al-Mansuriy“ („Mansurga bagʻishlangan toʻplam“)i. Bu asari ham juda koʻp nazariy va amaliy masalalarni oʻz ichiga olgan (qoʻlyozma nusxalari Rossiya Fanlar Akademiyasi sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg fondida, shuningdek, Parij va Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda). Asar 16-asrgacha Sharq tabiblari va Yevropa shifokorlarining asosiy qoʻllanmalaridan biri boʻlib, unga koʻp sharxlar yozilgan. Roziy „Kitob aljudariy valhasba“ („Chechak va qizamiq haqida kitob“) asarida tibbiyot tarixida birinchi boʻlib, chechak va qizamiq kasalliklarining boshqa yuqumli kasalliklardan farqi va tarifi berilgan. Roziy chechak bilan bir marta kasal boʻlgan kishi ikkinchi marta bu kasallikka duchor boʻlmasligini aniqlagan va chechakka qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amalga oshirgan. Roziy oʻz davri tabobatini diagnostika va davolashning yangi usullari bilan boyitgan, jarroxlikda birinchi boʻlib ketgut (qoʻy ichagidan tayyorlangan ip) ishlatgan.

Kimyo faniga oid asarlari tahrir

Roziy mashhur kimyogar boʻlib, kimyo faniga oid 26 ta asar yozgan, biroq, bizgacha ularning 4 tasigina yetib kelgan. Bular orasida „Kitob ulasror“ („Sirlar kitobi“) va [[„Kitob sirr ilasror“ („Sirlar siri kitobi“) asarlari alohida oʻrin tutadi. „Kitob ulasror“da oʻrta asr Sharq kimyosi oʻzining toʻla ifodasini topgan. Roziyning bu asarlari uning nazariy jihatdan bir metallni ikkinchi metallga kimyoviy yoʻl bilan aylantirish mumkinligiga ishonganini koʻrsatadi. Garchi amaliy jihatdan uning nazariyasi utopik boʻlsada, oltin va kumush hosil qilish yoʻlidagi urinishlari tufayli Roziy hozirgi kimyoni bir qancha yangi moddalar, asboblar va kimyoviy amallar bilan boyitgan.

Roziyning tibbiyot va kimyo sohalariga oid asarlari oʻrta asrlarda Sharq va Gʻarbda shu sohalarning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Falsafiy-ijtimoiy qarashlari tahrir

Roziy oʻrta asr Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari falsafasida mavjud boʻlgan taʼlimotlarning birortasiga bogʻliq boʻlmagan holda borliq va uning mohiyati haqida oʻz mustaqil taʼlimotini yaratgan. Uningcha, borliq — yagona bir-biriga boʻysunmagan 5 mustaqil boshlangʻich mohiyat (yaratuvchi, jon, vaqt, makon, materiya)dan vujudga kelgan. Bularning har biri borliqning vujudga kelishi va mavjud boʻlib qolishida „zaroʻriy vujud“larni Roziy materiya, makon, zamonni yaratuvchi va jon bilan bir xil zaruriy mohiyat deb hisoblab, moddiylikni ilohiylikka, ilohiylikni moddiylikka boʻysundirmadi. U oʻz davrining yirik tabiatshunosi sifatida moddiy olam hodisalari va jarayonlarini materiya va uning xususiyatlari bilan izoxlashga harakat qildi, oʻz naturfalsafiy qarashlarida maʼlum darajada ilmiy nuqtai nazarga yaqinlashdi. Oʻrta asr falsafasi uchun erishgan eng katta yutuqlaridan biri — Roziyning narsalar moddiy atom zarralaridan tuzilgani haqidagi taʼlimoti. Roziy Demokrit va Epikur atomistik taʼlimotini oʻrta asrlarda birinchi marta qayta tikladi. Uningcha, materiya dastlab „boʻlinmas zarralar (atom) holatida boʻladi“, ular „ogʻirlik va tanaga ega“, „moddiy zarralarning boʻshliq zarralari bilan qoʻshilishi“ natijasida 4 unsur: tuproq, suv, xavo va olov paydo boʻladi. Atomlarning moddiyligi, abadiyligi va obyektivligi tufayli ulardan vujudga kelgan moddiy olam ham obyektiv va abadiydir. Roziy zarralarning oʻz-oʻzidan harakati masalasini tushunmadi va muayyan narsalarning vujudga kelish jarayoni asosida materiya yotsa ham, bu jarayon jonning materiyaga intilishi va u bilan birikishi tufayli yuz berishi haqidagi dualistik nuqtai nazarda turadi.

Falsafaga oid asarlari tahrir

Roziy makon va zamonni ham substansiya deb tushunadi, bu bilan ularni materiyadan va bir-biridan ajratadi. Roziyning bundan maqsadi ularning obyektivligini taʼkidlashdir. Roziy bilish nazariyasida moddiy olam hodisalarining inson sezgi aʼzolariga taʼsir etib unda aks etishi, tashqi olam bilish obyekti, inson esa bilish subyekti ekanini taʼkidlaydi: „Sezgi — seziluvchi narsalarning sezuvchiga taʼsiri“. Roziy bilishning eng kuchli quroli sifatida aklga yuqori baho beradi. Uningcha, insonning ijodiy faoliyati fakat aql tufaylidir. „Aql bizni olijanoblikka yetaklaydi, hayotimizni goʻzallashtiradi, maqsadlarimizga yetkazadi“. Roziyning axloqqa oid 3 asari „Kitob tibb arruhoniy“ („Ruhiy tabobat“), „Kitob siyrat alfalsafiya“ („Falsafiy hayot tarzi“), „Maqola fi amorot iliqbol vaddavla“ („Davlatmandlik va baxt-iqbol haqida“) bizgacha yetib kelgan. Roziy Suqrotni axloq sohasida oʻzining va barcha faylasuflarning ustozi deb hisoblaydi. Roziy ratsional (aqliy) gedonizm tarafdori boʻlib, dunyo nozneʼmatlaridan aqlga muvofiq va meʼyor bilan lazzatlanishni yoqlaydi. Oʻrta asr manbalarida Roziy dinning ayrim aqida va tamoyillariga salbiy munosabatda boʻlgani hamda paygʻambarlik haqida aqidaga zid boʻlgan asar yozgani taʼkidlanadi. Lekin, uning tabiiy-ilmiy merosi va falsafiy qarashlari Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari maʼnaviy merosida muhim ahamiyatga ega boʻlgan.

Roziy merosini oʻrganish tahrir

Roziyning ilmiy merosini birinchi marta oʻrgangan olim Abu Rayhon Beruniydir. Beruniy Roziyning tarjimai holi, dunyoqarashi va asarlarini tadqiq etib, „Fehrist kugub Muhammad ibn Zakariyo al-Roziy“ („Muhammad ibn Zakariyo al-Roziy kitoblarining roʻyxati“) asarini yozgan. Roziyning asosiy asarlari oʻrta asrlardayoq Gʻarbiy Yevropada mashhur boʻlgan, baʼzilari lotin va boshqa Yevropa tillariga tarjima qilinib, keng oʻrganilgan. Keyingi davr olimlarining, jumladan, oʻzbekistonlik olimlarning tadqiqotlarida Roziy asarlarining ilmiy jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan qoʻlyozma nusxalari va ularning tarjimalari aniqlanmoqda, ayrim asarlari nashr etilmoqda.

Adabiyotlar tahrir

  • Karimov U. I., Neizvestnoye sochineniye arRazi „Kniga tayni tayn“, T., 1957; Kadirov A.A., Saipov U.T., Abu Bakr Razi, T., 1963; Usmanov M.A., Zakariyya arRazi, v knige „Iz filosofskogo naslediya narodov Vostoka“, T., 1972; Abu Bakr Roziy va uning shogirdi yozib qoldirgan kasalliklar tarixi, T., 1974; Karimov S.U., IX—XI asrlarda kimyo va dorishunoslik fanlari taraqqiyotida Markaziy Osiyo olimlarining oʻrni, T., 2002.
  • Surayyo Karimova, Mirjalol Usmonov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil