Sabuktegin, Sabuqtakin, Abu Mansur Nosiruddin vaddavla Sabuktakin (940, Issiqkoʻl atrofidagi Barsxon sh. — 997, Balx) — davlat arbobi va sarkarda, turkiy gʻaznaviylar sulolasi va Gʻaznaviylar davlati asoschisi.

Sabuktegin asli qarluq turklaridan boʻlib, uning otasini Qora Bajkam (turkcha Qora Hoʻkiz; asl ismi Juk) deyishgan. Oʻzaro urushlarning birida oʻsmir S. asir tushgan. Tarixchi Bayhaqiy yozishicha, Nasr hoji nomli quljallob tomonidan u Buxoro bozoridan sotib olinib, Juzjon (Gʻuzgʻonon)ga olib kelingan hamda Nishopurda somoniylarni Gʻaznadagi noibi Alpteginga sotib yuborilgan. Sabuktegin. dovyurakligi va jasurligi bois Alptegin huzurida mavqei tez oshib, uning qiziga uylangan (bu nikoxdan uning valiahdi Ismoil tugʻilgan. Zobuliston hokimining qizi boʻlgan xotinidan esa Mahmud dunyoga kelgan). Hindistonga qilingan bir qancha yurishlarda faol qatnashgan. Oddiy gʻulomlikdan sipohsolor darajasiga koʻtarilgan. Alptegin vafot etgach (963), Somoniylarning Gʻaznadagi noiblari huzurida xizmat qilgan. Qoʻshinning talabiga koʻra, Gʻazna viloyati amiri boʻlgan (977 y. 1 mart). Bu davrda Gʻazna viloyatiga Bust, Gardiz, Parvon, Kobul, Zamindovar, Kusdar, Bomiyon, Tohariston, Hirot va Gʻur viloyatlari qoʻshib olingan. Shimoliy Hindistonga gʻaznaviylarning ilk yurishlarini boshlab, hind rojasi Jaylalni magʻlubiyatga uchratgan. Peshovar va Lamgʻon oʻrtasidagi xudud fath etilgan. Oradan koʻp oʻtmay Gʻazna viloyati somoniylardan ajralib chiqib, mustaqil davlat (poytaxtiGʻazna sh.)ga aylangan.

S. bilan somoniylar amiri Nuh ibn Mansur oʻrtasida Kesh va Naxshabda oʻzaro uchrashuv boʻlib, unda S. somoniylarni qoʻllab-quvvatlashga vaʼda bergan. Gardiziynchnt yozishicha, S.ning 20 ming kishilik qoʻshini somoniylarning Xurosondagi noibi isyonkor Abu Ali Simjuriy (Abulhasan Simjuriyning oʻgʻli) va Foyiq askarlariga Hirot atrofida kuchli zarba bergan (994).

994 y. S. qoʻshini Hindistonda ham gʻalabalarga erishgan va mahalliy aholining bir qismi islom dinini qabul qilgan. Oʻsha yili Abivardda xorazmshoh Abu Ali Maʼmun I (992—997) qoʻshini ustidan ham zafarga erishgan. Bu gʻalabalar uchun abbosiylar xalifasi al Qodir S.ga "Nosiruddin vaddavla" ("Din va davlat himoyachisi"), uning oʻgʻli Mahmud Gʻaznaviyga "Sayf uddavla" ("Davlat qilichi") faxriy unvonlarini bergan (994 y. noyabr).

Hirot yaqinida Abu Ali Simjuriy va Foyiqqa S. oʻgʻli Mahmud bilan birgalikda soʻnggi zarbani bergan (995 y. 21 iyul). Bu jangda dushmanning xazinasi va fillar oʻlja olingan, nomdor lashkarboshilar asir tushishgan. Xorazmga qochib ketgan Abu Ali Simjuriy oʻzining 3 safdoshi bilan keyinchalik S. tomonidan oʻldirilgan.

Movarounnahrga qoraxoniylar hujumi boshlangach (996), S. oʻgʻli Mahmud va birodari Boʻgʻrochiq boshchiligida Buxoroga 20 ming kishilik qoʻshin joʻnatgan. Ular bilan qoraxoniy Bugʻroxonning vorisi Nasr Iloqxon oʻrtasida somoniylar amirining ishtirokisiz shartnoma tuzilib, somoniylarga Movarounnaxr markazi qoldirilgan va Amudaryoning jan. qismi — butun Xuroson hududida gʻaznaviylarning hukmronligi tan olingan.

S. hukmronlik davrida poytaxt Gʻazna sh. yirik siyosiy va madaniy markazga aylangan. Gʻaznaga borayotganda (Balx yaqinida) vafot etgan va Gʻazna atrofidagi Afgʻon Sholida dafn etilgan. Qabri ustiga maqbara qurilgan (11-asr). Bayhaqiy oʻzining "Tarixi Masʼudiy" nomli asarida Sabuqtekinni aqlli va adolatli, andishali hukmdor sifatida koʻrsatib, unga yuqori baho bergan.

Manba tahrir

  • AbulFazl Beyhaqi, Istoriya Mas’uda (10301041), T., 1962, M., 1969;
  • Abu Sa’id Gardizi, Zayn alaxbor, T., 1991.

Adabiyot tahrir

  • Hamidjon Homidiy, Koʻhna Sharq dargʻalari, T., 1999;
  • Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.[1]

Manbalar tahrir

  1. Qahramon Rajabov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil