Said Ahmadxoʻja madrasasi — Margʻilondagi meʼmoriy yodgorlik (19-asr oxiri).

Madrasa
Said Ahmadxoʻja madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Fargʻona
Shahar Margʻilon
Manzil Iqbol MFY, Said Ahmadxoʻja Eshon koʻchasi 1-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Fargʻona viloyati madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Oʻrta
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Asosiy sana:
XIX asr oxiri
Maqomi davlat himoyasida[1]
Qurilish materiali Pishiq g'isht

1907—1909-yillarda Sayyid Axmadxonxo‘ja G‘iyosxo‘jayev tomonidan qurilgan. Sayyid Ahmadxonxo‘ja Qilich Burhoniddin urug‘laridan bo‘lib, hoji G‘iyosiddinxo‘ja eshonning farzandidir. Sayyid Ahmadxonxo‘ja (XX asr) o‘z davrining taniqli, ko‘zga ko‘ringan ilmli tadbirkor bo‘lib, paxta tozalash va yog‘ zavodlari ham qurdirgan. 1897-yilda nashr etilgan „Farg‘ona viloyatining yillik obzori“ to‘plamining paxta tozalash zavodlari bo‘yicha maʼlumotnomada Sayyid Axmadxonxo‘ja G‘iyosxo‘jayevning 1893-yilda qurilgan, bug‘da ishlovchi paxta tozalash zavodi borligi keltirilgan.

Sayyid Ahmadxonxo‘ja madrasasi 1907-yilda boshlanib 1909-yilda qurib bitkazilgan. Memori maʼlum emas. 18 ta hujra va 2 ayvonli masjiddan tashkil topgan.

Madrasa tarhi 42,3X44,0 m. Hovli (31,6x28,4 m) shim.sharqiy va jan. tomondan hujralar bilan, gʻarbdan qoʻsh sinchli, oldi ayvonli masjid bilan oʻralgan. Hovli oʻrtasidan eni 1,5 m ariq oʻtgan. Ariq yaqinida keksa chinor qad koʻtargan. Madrasa tashqi tomondan tekis boʻlsada, lekin hovli tomondan qurilgan kungurador devorlar bilan ajratib ishlangan qator mehrobiy ravoqlar hujralarni yanada salobatliroq koʻrsatadi. Xonaqoh (14x7 m) tutash harilar bilan yopilgan, shifti qizil va yashil chiziqlar bilan ajratilib, orasiga gullar va chirmashgan novdalar tasviri ishlangan. Toqi va toʻsinlardagi gul naqshlar maydaroq, xona devori ganchdan zanjira hamda „qirma“ uslubidagi araqi sarrov bilan bezatilgan. Bino pishiq g‘ishtdan qurilgan, lekin ustalar mahalliy seysmik sharoitlarni hisobga olib, masjid devorlarini ikki qatorli qo‘sh sinch bilan mustahkamlaganlar. Bu masjidning ayvon va shiftlariga sidirg‘a gullar solingan, bezaklari va uslublari turlicha bo‘lgan bunday obida Farg‘ona vodiysida juda kam uchraydi. 1985-yilda taʼmirlangan[2].

Ammo madrasa bitgach faqat 19 yil faoliyat ko‘rsatdi. 1909—1018-yillar madrasa, 1928—1942-yillar qamoqxona, 1942—1986-yillar umumturish joyi, 1986—1992-yillar Marg‘ilon shahar Adabiyot va sanʼat muzeyi, 1999-yildan „Hunarmand“ uyushmasi Marg‘ilon shahar bo‘limi idorasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

2007-yilda Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubeleyi munosabati bilan bino tubdan taʼmirlandi. 2007-yil 7-sentabr kuni prezident I.Karimov arxitektura yodgorligiga tashrif buyurgan paytda bu yerda „Milliy hunarmandchilik markazi“ ochildi. Markazda Marg‘ilonning mashhur hunarmand oilalari, „Tashabbus-2005“ ko‘rik-tanlov sovrindori, mashhur ipakli matolar ustasi Turg‘unboy Mirzaahmedovning farzandlari Rahimjon va Rasuljon Mirzaahmedovlar oilasi, Marg‘ilon chitgarlik sanʼatini saqlab kelayotgan chitgar Solijon Ahmadalievning farzandi Shukrullo Ahmadaliev, misgarlar avlodining 5-vakili Abduhamid Madaliyevlar ustaxonalari mavjud[3].

Markazda 500 dan ortiq hunarmandlar aʼzo bo‘lgan Marg‘ilon „Hunarmand“ uyushmasi idorasi, hunarmandchilik mahsulotlari galereyasi va „Hunarmandlar muzeyi“ faoliyat koʻrsatadi. Baʼzi manbalarda madrasaning nomi „Shayx-ul-islom“ deb ham keladi. Keyinchalik aholi tomonidan madrasa uni qurdirgan inson nomi bilan atalib ketgan.

Majmua „A.Navoiy“ nomli mahalla hududida Said Ahmad xo‘ja eshon ko‘chasi 1-uyda joylashgan.

Manbalar tahrir