Separator (lot. separator — ajratkich) — 1) gazdan suyuq va qattiq zarralarni, suyuklikdan qattiq zarralarni ajratish, qattiq yoki suyuq aralashmalarni tarkibiy qismlarga ajratish uchun moʻljallangan qurilma. Ishi suyuklik yoki qattiq jism komponentlarining fizik xususiyatlari (zarrachalarning shakli, massasi, solishtirma ogʻirligi, magnit xossasi va boshqalar) orasidagi farqqa asoslangan. S.ning markazdan qochma, magnit, tindirma, pnevmatik, ishqalanma, elektr va boshqa xillari bor. Markazdan qochma S.lar (sentrifugalar) da suyuklik ichidagi ogʻirroq zarrachalar va suyuqliklar markazdan qochma kuch taʼsirida ajraladi. Moyni suv va mexanik aralashmalardan tozalash, sutni qaymoq va yogʻsiz sutga ajratishda qoʻllaniladi. Magnit S. foydali minerallarni gʻovak jinslar va keraksiz aralashmalardan ajratish uchun ishlatiladi. Ishi magnit maydonining turli mineral zarralariga turlicha taʼsir etishiga asoslangan. Tindirma S. birbiri bilan aralashmaydigan 2 suyuklikni rezervuarda tindirish yoʻli bilan ajratadi, bunda birbiriga nisbatan pastbaland joylashgan 2 ta truba boʻlib, yuqorisidan yengil, pastkisidan ogʻirroq suyuklik chiqadi. Pnevmatik S. tegirmonda maydalangan materialning mayda-yirikligini havo oqimi taʼsirida rostlash, uni boyitish va boshqalarda ishlatiladi. Ishqalanm a S. foydali qazilmalarni boyitishda qoʻllanadi. Gaz S.ida gaz suyuq va qattiq zarralardan tozalanadi. Buning gravitatsion (gaz tezligini keskin pasaytirishga asoslangan), siklonli (markazdan qochma kuchga asoslangan) xillari bor. S. xalq xoʻjaligining koʻpgina tarmoqlarida, mas, un tortish korxonalarida, gaz sanoatida, paxta terish mashinalari va boshqalarda ishlatiladi; 2) podshipniklarda shar yoki roliklarni birbiridan ajratib turadigan detal (qarang Podshipnik).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil