Serpentinit - oʻta asosli togʻ jinsi, dogʻli va yoʻl-yoʻlli tuzilishga ega. Bu xususiyati bilan ilon terisini eslatadi. Shuning uchun ofiolitlar (ofis — ilon) deb ham ataladi. Oson ishlov berilishi sababli ulardan bezak buyumlar va taqinchoqlar, qora metallurgiya uchun olovbardosh gʻishtlar tayyorlanadi. S, asosan, tolali xrizotil, varaqli antigorit va massiv lizarditdan iborat. Doimo karbonat va magnetit qoʻshimchalariga ega. Kam miqdorda talk, aktinolit, tremolit, brusit, xlorit, kvars, xalsedon va boshqa minerallar uchraydi. S.dagi minerallar soni 70 dan oshadi. S. dunitgarsburgit tarkibli oʻta asosli jinslarning bosqichli oʻzgarishi (serpentinlanish) tufayli vujudga keladi. Serpentinlanishning dastlabki boskichida lizardit, keyinchalik xrizotil va yakunida antigorit shakllanadi. S. asosida xrizotilasbest, antofillit, talk va boshqa konlar hosil boʻladi. S. massivlari Ural, Shimoliy va Janubiy Kavkaz va Pomir, Janubiy Fargʻona vodiysi, Janubiy va Shimoliy Nurota chuqur yer yoriqlari zonalarida, Tomditogʻ va Sulton Uvays togʻlarida rivojlangan. Sulton Uvaysdagi S. oʻzgarishidan yirik Qizilsoy, Zenilbuloq, Qazgʻantogʻ va talksimon jinslar hamda vermikulit konlari vujudga kelgan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil