Shrift (nem. yozmoq) — matbaada — harf terish mashinalarida matnlar terish uchun moʻljallangan bosmaxona literlari (harflari). Vazifasiga koʻra, matnlarni terish; muqovalar, titul varaqlari, sarlavhalarni terish va kichik bosmaxona formalari (diplomlar, blanklar, etiketkalar, eʼlonlar va h.k.) matnlarini terish uchun moʻljallangan Sh.larga boʻlinadi. Bosmaxona Sh.lari yozilish shakliga, yaʼni qiyaligiga qarab, toʻgʻri, kursiv, qiya; normal, ensiz, enli; oddiy (oq), yarim qora, qora Sh.larga boʻlinadi. Yozilish shakli bir xil boʻlgan Sh.lar turli kegldat Sh.larga boʻlinadi; kegli va yozilish shakli turlicha, lekin yozilishi bir xil boʻlgan Sh.lar shrift garniturasi deb ataluvchi bitta guruhga birlashadi (qarang Garnitura). Garnitura jurnal uchun moʻljallangan, darsliklarga moʻljallangan va boshqalar xillarga boʻlinadi. Bulardan tashqari, chizmachilik Sh.lari ham bor. Ular qoʻlda yozilib, chizmaga qoʻshimcha tushuntirishlar berish, texnik hujjatlarni toʻldirish va boshqalarda qoʻllaniladi. Bosmaxona Sh.lari standartlashtirib qoʻyiladi. Oʻzbekistonda Sh.lar 6 guruh qilib standartlashtirilgan.