Shuhrat Abbosov – oʻzbek aktori, rejissori va ssenariy yozuvchisi. Abbosov oʻzbek kino sanʼatining asoschilaridan biri hisoblanadi[1][2][3]. Abbosov shu kungacha bir qancha nufuzli unvon va mukofotlarni olgan. U Oʻzbekiston SSR xalq artisti, SSRI xalq artisti va Mehnat qahramoni unvonlarini olgan[4]. Abbosovning „Mahallada duv-duv gap“ (1960) filmi eng yaxshi oʻzbek filmlaridan biri hisoblanadi[5][6].

Shuhrat Solihovich Abbosov
Tavalludi 16-yanvar 1931-yil
Vafoti 25-aprel 2018-yil(2018-04-25)
(87 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi aktyor, rejissor va ssenariychi
Mukofotlari

Hayoti tahrir

Shuhrat Abbosov 1931-yil 16-yanvarda Qoʻqonda tugʻilgan. 1949-yil Toshkent tibbiyot kasb-hunar bilim yurtini bitirgan. 1954-yil Aleksandr Ostrovsky nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini bitirgan. Shu institutda professor (1983-yildan), kafedra mudiri (1991-yildan) boʻlib ishlagan. 1954—1956-yillarda Mannon Uygʻur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida (Yangiyoʻlda) bosh rejissor boʻlib faoliyat yuritgan. Keyinchalik Moskvaga borib Mosfilmda ham tahsil olgan. Abbosov 1958—1991-yillar „Oʻzbekfilm“da rejissor boʻlib ishlagan, 1982—1986-yillarda direktor boʻlib ishlagan. Abbosov 1996-yildan boshlab Oʻzbekiston kino arboblari birlashmasining rais muovini boʻlib ishlagan. 2018-yil 25-aprelda buyrak yetishmovchiligi tufayli 87 yoshda vafot etdi[7].

Ijodi tahrir

Shuhrat Abbosov bir qancha filmning rejissoridir. U Aleksandr Nayumov (II) bilan 1977-yil chiqqan Gʻafur Gʻulomning shu nomli qissasiga asoslanib olingan „Shum bola“ filmiga ssenariy yozgan. „Mahallada duv-duv gap“ kinokomediyasi (1960) ilk yutugʻi boʻldi. Abbosov Ikkinchi jahon urushi yillari ota-onasiz qolgan turli millatga mansub 14 bolani tarbiyalagan toshkentlik Shomahmudov oilasining jasorati haqidagi „Sen yetim emassan“ (1963; Xalqaro kinofestival mukofoti, Frankfurt am Main, 1963), odob-axloq haqidagi „Qalbingda quyosh“ (1965) filmlariga rejissorlik qilgan. „Toshkent – non shahri“ (1967; kino-festival sovrindori, Olmaota, 1973), "[[Sevgi dramasi“ (1971; 5-kinofestival sovrindori, Tbilisi, 1972) filmlari bilan eng yaxshi kinorejissor sifatida tanildi.

Tarixiy-biografik mavzuda „Abu Rayhon Beruniy“ (2 qismli, 1974, 8-kinofestivalning bosh mukofoti, Kishinyov, 1975, Xalqaro kinofestivalning „Oltin Delfin“ sovrindori, Tehron, 1977), „Olovli yoʻllar“ (Hamza hayotiga bagʻishlangan 17 qismli telefilm, 1975-1984), urush yillari front ortidagi qiyinchiliklar haqida hikoya qiluvchi „Katta urushdagi kichik odam“ (1989) filmlari ham mashhur.

Mustaqillik Abbosiv ijodida burilish yasadi. 14 qismli „Kamolot choʻqqisi sari“ hujjatli (1995) va 2 qismli „Otamdan qolgan dalalar“ badiiy (ssenariysini M. Toʻychiyev bilan hamkorlikda yozgan, 1998) filmlarni yaratdi.

Abbosov teatr uchun bir qancha asarlarni sahnalashtirgan. U „Yurak sirlari“ (B. Rahmonov), „Nurxon“ (Komil Yashin), „Ogʻriq tishlar“ (Abdulla Qahhor) kabi pesalarni sahnalashtirgan.

Unvon va mukufotlari tahrir

Shuhrat Abbosov koʻplab unvon va mukofotlar sovrindoridir. 1965-yil unga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvoni berilgan. 1974-yil Abbosov Oʻzbekiston xalq artisti unvonini olgan. 1974-yil unga Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti berilgan. Abbosovga 1981-yil nufuzli SSRI xalq artisti unvoni berilgan. Abbosov 1994-yil "Shuhrat" medali, 1998-yil "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlangan.

Filmografiyasi tahrir

Rejissor sifatida tahrir

  • „Vasisualiy Loxankin“ (Ruscha: „Vasisualiy Loxankin“) (1959) (qisqa film)
  • Ruscha: „Filippines i pyaniy“ (1958) (qisqa film)
  • „Mahallada duv-duv gap“ (Ruscha: „Ob etom govorit vsya Maxallya“) (1960)
  • „Sen yetim emassan“ (Ruscha: „Ti – ne sirota“) (1962)
  • Ruscha: „Prozrenie“ (1965)
  • „Toshkent – non shahri (film)“ (Ruscha: „Tashkent – gorod xlebniy“) (1967)
  • Ruscha: „Drama lyubvi“ (1971)
  • „Abu Rayḥon Beruniy (film)“ (Ruscha: „Abu Rayxan Beruni“) (1974)
  • „Olovli yoʻllar“ (Ruscha: „Ognennie dorogi“) (1978—1984) (Serial)
    • Ruscha: „Serdse poeta“ (1978) (1-4- epizodlar)
    • Ruscha: „Peves revolyutsii“ (1982) (9-12- epizodlar)
    • Ruscha: „Boryuщiysya Turkestan“ (1984) (13-14- epizodlar)
    • Ruscha: „Moya respublika“ (1984) (15-17- epizodlar)
  • „Katta urushdagi kichkina odam“ (Ruscha: „Malenkiy chelovek v bolshoy voyne“) (1989)
  • „Otamdan qolgan dalalar“ (Ruscha: „Otchie dolini“) (1997)

Aktyor sifatida tahrir

  • Ruscha: „Ptitsi nashix nadejd“ (1976) (kinoda nomi koʻrsatilmagan)

Ssenariychi sifatida tahrir

  • „Vasisualiy Loxankin“ (Ruscha: „Vasisualiy Loxankin“) (1959) (qisqa film)
  • Ruscha: „Drama lyubvi“ (1971))
  • „Abu Rayḥon Beruniy“ (Ruscha: „Abu Rayxan Beruni“) (1974)
  • „Shum bola“ (Ruscha: „Ozornik“) (1977)
  • „Olovli yoʻllar“ (Ruscha: „Ognennie dorogi“) (1978—1984) (Serial)
    • Ruscha: „Serdse poeta“ (1978) (1-4- epizodlar)
    • Ruscha: „Peves revolyutsii“ (1982) (9-12- epizodlar)
    • Ruscha: „Boryuщiysya Turkestan“ (1984) (13-14- epizodlar)
    • Ruscha: „Moya respublika“ (1984) (15-17- epizodlar)
  • Ruscha: „Schaste moe, ti oplacheno krovyu“ (1993)
  • „Otamdan qolgan dalalar“ (Ruscha: „Otchie dolini“) (1997)

Manbalar tahrir

  1. „Film koʻrish: Sen yetim emassan (ingl.). London Universiteti qoshidagi Sharq va Afrikani Oʻrganish Instituti. 9-avgust 2020-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28-may 2012-yil.
  2. Iskandar, Abdulla. „Shuhrat Abbosov 80 yoshda“ (27-yanvar 2011-yil). Qaraldi: 28-may 2012-yil.
  3. „Bi-Bi-Si mehmoni - Shuhrat Abbosov“ (11-may 2009-yil). Qaraldi: 28-may 2012-yil.
  4. „Shuhrat Abbasov biografiyasi (rus.). Kino-Teatr. Qaraldi: 28-may 2012-yil.
  5. „Oʻz milliy anʻanalarimizga asoslanib, milliy xarakterlarni yaratish kerak“ (19-yanvar 2011-yil). Qaraldi: 28-may 2012-yil.
  6. Hamroyev, Jasur „Cinema.uzning xayrli ishi“. Shov-Shuv (17-yanvar 2012-yil). 30-aprel 2013-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 28-may 2012-yil. (Wayback Machine saytida 30-aprel 2013-yil sanasida arxivlangan)
  7. https://m.kun.uz/news/2018/04/26/savkat-mirzieev-surat-abbosovning-akinlariga-tazia-izor-etdi

Havolalar tahrir