Silos (ispancha silos — yertoʻla, don saqlanadigan oʻra) — chorva mollari uchun oʻsimlik (makkajoʻxori, kartoshka, kungaboqar, vikasuli aralashmalari, ildizmevalar, tabiiy pichanzorlar oʻtlari, poliz ekinlari palaklari va boshqalar) koʻk poyalarini havo kirmaydigan qilib konservalash yoʻli bilan tayyorlanadigan ozuqa. Tarkibida karotin, vitamin S saqlanadi. Toʻgʻri tayyorlangan S. tarkibida organik kislotalar, xususan, sut (2% gacha), sirka (0,6% gacha) kislotalari, ayrim turlarida propion, valeriana kislotalari mavjudligi tufayli oʻziga xos yoqimli hid va nordonroq mazaga ega. S. bostirish texnologiyasi buzilganda va notoʻgʻri saqlanganda yogʻ kislotasi paydo boʻladi. S. sifati undagi vodorod ionlarining miqdori (rN)ga qarab aniqlanadi. Sifatli S. tarkibida rayon 4—4,2 boʻladi. S.ning ozuqali qimmati oʻsimlik turi, oʻrib olish vaqtidagi rivojlanish fazasi, tayyorlash texnologiyasi va saqlanish sharoitiga bogʻliq. Yuqori sifatli S. tayyorlash uchun makkajoʻxori doni sutmum pishish davrida, kungaboqar gullay boshlashi, dukkaklilar dukkak tugishining boshlanishi bilan oʻriladi. 100 kg makkajoʻxori silosida 20 ozuqa birligi, 1,4 kg hazm boʻladigan protein, 150 g kalsiy, 50 g fosfor, 1500 mg karotin, 100 kg kungaboqar S. ida 16 ozuqa birligi, 1,4 kg protein bor.

Oʻzbekistonda S. bostirish 20-asrning oʻrtalaridan qoʻllaniladi. S, asosan, makkajoʻxori, oq joʻxori poyasidan yoki poyasi va donidan tayyorlanadi. S. hayvonlarda ovqat hazm boʻlishini yaxshilaydi. Buzoqlarga dukkakli, yumshoq boshoqsoch oʻtlardan, choʻchqalarga qand lavlagi, sabzi, kartoshka, poliz ekinlar, makkajoʻxori soʻtasi va boshqa aralashmasidan, parrandalarga dukkakli oʻtlar, sabzi, qand lavlagi va boshqalardan tayyorlangan S. berish tavsiya etiladi. S, asosan, qishda, qurgʻoqchil rayonlarda yezda beriladi.

S. bostirishda koʻk poya silos kombayni yordamida oʻriladi, 2—4—7 sm uzunlikda maydalanadi, soʻng silos inshootlariga joylanadi. Bostirilgan S. ogʻir traktorlar bilan zichlanadi, ustiga polietilen plyonka yopilib, keyin 30—35 sm qalinlikda tuproq bilan koʻmiladi. Toʻgʻri tayyorlangan S.ning ozuqalik qimmati va vitaminlar deyarli toʻla saqlanib qoladi. S. bostirish texnikasi buzilsa (ayniqsa, zich bostirilmasa), aerob mikroorganizmlar jadal rivojlanadi, ozuqa oʻz-oʻzidan tez qiziydi; ozuqalik qimmati keskin pasayadi.

S. ochilgach, kundalik ratsionga loyiq miqdori olinib, soʻng darhol usti zich yopib qoʻyilishi lozim. Aks holda havo taʼsirida oksidlanish jarayoni boshlanib, ozuqa sifati buziladi. Sogʻiladigan va soʻqimga boqiladigan qoramollar ratsionida S. toʻyimlilik boʻyicha 50% gacha, choʻchqalar ratsionida 20% gacha boʻlishi mumkin. Katta yoshdagi qoramollarga 1 kunda oʻrtacha 15–20 kg, otlarga 10–12 kg, qoʻylarga 3–4 kg beriladi.

Goʻzal Ishimova, Roʻzimat Hamroqulov.