Sirenlar, dengiz sigirlari (Sirenia) — suvda yashaydigan sut emizuvchi hayvonlar turkumi. Gavdasi urchuqsimon, dum suzgichi gorizontal joylashgan. Uzunligi 6 m gacha, ogʻirligi 400 kg gacha. Oldingi oyoqlari kurak shaklida, orqa oyoqlari boʻlmaydi; boshi kichik, tumshugʻi toʻmtoq; eshitish va hid bilish organlari yaxshi rivojlangan. Burun teshiklarida klapan bor, quloq suprasi va jun qoplami boʻlmaydi. Tishlari reduksiyaga uchragan; faqat yassi oziq tishlari (2 ta dan 8 ta gacha) rivojlangan. Ayrim turlarining tishlari butunlay yoʻq. Oshkrzoni 2 qismdan iborat. Sut bezlari soʻrgichi bir juft. Teri osti yogʻ qatlami ancha qalin. S. tropik dengizlarining qirgʻoklariga yaqin seroʻt joylarida hamda Osiyo, Afrika, Avstraliya va Amerikadagi yirik daryolarda yashaydi. 2 ta oila (lamantinlar, dyugonlar)ga mansub 4 turi uchraydi. Suv tubidagi oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Goʻshti, yogi va terisi uchun ovlanadi. Soni kamayib bormoqda. Barcha turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. 1741 yilda akad. Steller Komandor orollarida S.ning boshqa yirik turini topgan. Bu hayvon uning nomi bilan steller sigiri deb atalgan. Goʻshti va yogi uchun koʻplab ovlanishi tufayli yoʻqboʻlib ketgan. Oxirgi steller sigiri 1768 yilda, yaʼni Steller uni topgandan soʻng atigi 27 yil oʻtgach, otib oʻldirilgan.