Sochma konlar — tub konlarining fizik va kimyoviy yemirilishidan hosil boʻlgan togʻ jinslari, minerallari va ruda bulaklarining yer yuzasi ayrim joylarida qayta toʻplanishi. Sochma konlar koʻchish va nurash jarayonlariga chidamli boʻlgan minerallar (olmos, oltin, platina, kasseterit, monatsit, rubin, sapfir, ilmenit, sirkon, kahrabo va boshqalar) hosil qiladi. Sochma konlar shagal qumtosh va qumlar tarqalgan joylarda vujudga keladi. Bu qimmatbaho minerallarning oʻlchamiga koʻra, ularni qazib olish iqtisodiy jihatdan foydali hisoblanadi. Paydo boʻlish jarayoniga koʻra, ellyuvial, delyuvial, prolyuvial, allyuvial, litoral, glyasial va eol (barxan) turlariga boʻlinadi. Sk.ning ayrim genetik turlarda hosil boʻlishidagi ketma-ketlik doimo saqlanavermaydi; baʼzan bunday jarayon oldingi bosqichlarning birida tugaydi. Hosil boʻlish vaqtiga koʻra, qad. (mezozoy, paleozoy va tokembriy), odatda, qaziladigan toʻrtlamchi (antropogen) va hozirgi Sochma konlar farq qilinadi. Sochma konlar yotish sharoitiga koʻra yuzadagi va koʻmilgan; tarkibiga koʻra bir yoki koʻp mineralli; tuzilishiga koʻra bir qatlamli va koʻp qatlamli; shakliga koʻra plashchsimon, qatlamqatlam, linzasimon, uyasimon Sochma konlarga boʻlinadi. Sochma konlarning uzunligi yuzlab m dan bir necha km ga, eni bir necha m dan oʻnlab m ga, qalinligi esa bir necha sm dan oʻnlab m ga yetadi. Sochma konlardan 50% ga yaqin olmos, titan, oltin va qalay, 10% cha platina, 100% titan minerallari va kaqrabo ochiq yoki yopiq usulda qazib olinadi. Koʻp yillab toʻngib yotgan joylarda 10–15 m dan ortiq chuqurlikdagi Sochma konlar va muzi erigan joylarda 15–40 m dan ortiq chuqurlikdagi Sochma konlarning foydali kazilmalari yopiq usulda qazib olinadi. Konlarni mexanizatsiyalashtirilgan ochiq usulda qazish keng tarqalgan boʻlib, bu usulda 15–18 m chuqurlikdagi, dragalar yordamida esa 60 m gacha chuqurlikdagi foydali qazilmalar qazib olinadi. Tarkibida qum boʻlgan togʻ jinsi gravitatsion boyitish qurilmasiga tushadi, unda togʻ jinsi suv oqimida yuviladi va oltin, platina, olmos, optik kvars va boshqa kristallari, rangli metallar konsentratlari ajratib olinadi. Rossiya Federatsiyasi (Kolima va Chukotka) va AQShdagi (Alyaska va Kaliforniya) oltinli, JARdagi olmos, Malayziya, Indoneziya, Tailand, Myanmaning dengiz sohilidagi kassiterit, Ukraina, Avstraliya, Hindiston, AQShdagi titan minerallari, Namibiyadagi olmos Sochma konlar yirik konlar hisoblanadi. Oʻzbekistonning Nurota va Chatqol tizmalari vodiylarida turli mikyosdagi Sochma konlar mavjud. Shimoliy Nurota togʻlari bagʻridagi Kattaich va Okchop soylari oʻzan va qayirlaridagi Sochma konlar oltin sochma konlari sirasiga kiradi.