Sport gimnastikasi - sportning asosiy turlaridan biri. Ayollar va erkaklarning maxsus gimnastika anjomlari (snaryadlari)da va yengil mashqlar boʻyicha oʻtkaziluvchi musobaqalarni oʻz ichiga oladi. Katta jismoniy kuch, chaqqonlik, qoʻrqmaslik, harakatlarni muvofiqlashtirishda aniqlikni talab etadi. Zamonaviy sport gimnastikasiga XIX asr boshida nemis mutaxassisi F.L.Yan (F.L.Jahn) asos solgan. 1973-yil Xalqaro olimpiada qoʻmitasi tasdiqlagan zamonaviy sport gimnastikasi dasturiga erkaklar oʻrtasida (erkin mashqlar, otda, halqali bajariladigan mashqlar, tayanib sakrash, muvoziy (parallel) qoʻshpoyada va yakkachoʻpda bajariluvchi mashklar) hamda ayollar oʻrtasida (tayanib sakrash, xodada, har xil balandlikdagi qoʻshpoyada bajariladigan va erkin mashqlar) oʻtkaziladigan shaxsiy va jamoa birinchiliklari kiradi. Har bir mashqda majburiy (Xalqaro sport gimnastikasi federatsiyasi tomonidan belgilanadigan) va erkin (rasmiy talablarni inobatga olib sportchilarning oʻzlari tuzadigan) kompozitsiya boʻladi. Mashqlarning bajarilishi 10 balli tizim asosida baholanadi. Xalqaro sport gimnastikasi federatsiyasi FIJ (1881-yil tuzilgan)ga 100 dan ortiq mamlakat aʼzo. 1896-yildan Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritilgan, 1903-yildan jahon chempionatlari oʻtkazib kelinadi. Oʻzbekistonda sport gimnastikasi keng rivojlanib bormoqda. Respublikada mazkur sport turiga ixtisoslashgan 7 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktablari mavjud boʻlib, ularda 70 nafardan ziyod murabbiy 1000 dan ortiq oʻgʻil-qizga ustozlik qiladi. Xalqaro toifadagi sport ustalari O. Chusovshpina, A. Gordeyeva 2004-yil Afinada boʻlib oʻtadigan 28-yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar. Xalqaro toifadagi sport ustalari A. Fokin, A. Markelov, Oʻzbekiston sport ustalari F. Xoʻjayev, A. Ninkova, B. Gayfulina, N. Jalilova, S. Akopyans, K. Hasanov, I. Rahmatov, R. Osimov, I. Ponamarev va boshqa mamlakatimiz hamda xorijda oʻtkazilayotgan yirik musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib keladi.