Suffoziya (lotincha: suffossio — oʻyish) — Yer osti suvlari taʼsirida togʻ jinslari massividan mayda mineral (xlorli, sulfat, karbonat tuzlar va boshqalar) zarrachalarining mexanik ravishda yuvilish jarayoni. S. koʻproq kumli, lyossli va boshqa dispers jinslarda sodir boʻladi. S. massivning tuzilishi va tarkibiga nisbatan: turli tarkibli jinslarning qatlamlarida va bu qatlamlarning ulanish joylarida; tektonik buzilish zonalaridagi darzliklardagi bir jinsli boʻlmagan toʻldirgichlarda; togʻ jinslarining ulanish joylarida va sunʼiy inshootlar (filtr, drenaj va boshqalar)dan toʻkilgan materiallarda rivojlanadi. Togʻ jinslari granulometrik tarkibining turlilik darajasini kupayishi, yer osti suvlari harakati tezligining oshishi S.ni vujudga kelishiga imkon tugʻdiradi. S. togʻ jinslari tarkibi va strukturasining oʻzgarishiga, ularning gʻovakliligi va suv oʻtkazuvchanligini ortishiga, mahkamliligini pasayishiga olib keladi. Natijada ustki qatlam choʻkib, yuqorida diametri 10 m gacha, baʼzan 100–500 m gacha boʻlgan mayda va yirik halqasimon chuqurlar hosil boʻladi. S. natijasida yumshagan jinslar togʻ yon bagʻirlarida koʻchki hosil boʻlishiga imkon yaratadi. Inshootlar asosidagi togʻ jinslarda S. ularning notekiye choʻkishiga, shaklini oʻzgartirishiga va buzilishiga olib keladi.